Samaradorlik va shaffoflik yo‘lida
2025 yil 24 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, kadrlar tanlovi va tayinlash jarayonlarining ochiqligini kuchaytirishga qaratilgan muhim Farmonni imzoladi.
Ushbu hujjat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar amalga oshirilishida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Farmonda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini kuchaytirish, sudyalar korpusini shakllantirishda shaffof va aniq mezonlarga tayanish, nomzodlarni tanlash jarayonlariga ochiqlikni keng joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shuningdek, sud tizimida gender tengligini ta’minlash maqsadida ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Sudyaning almashtirilmasligi tamoyilini qonunchilikka kiritish yuzasidan qator muhim takliflar ma’qullandi. Jumladan:
- sudyalar avval 5 yillik muddatga, keyin esa muddatsizasosda tayinlanishi;
- rahbar va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlari bo‘yicha nomzodlar sudyalar orasida ochiq tanlov asosida saralanishi;
- “halollik”, “kasbiy layoqat” va “odob qoidalariga rioya qilish” kabi asosiy mezonlar qonun darajasida belgilandi.
Endilikda Kengashning doimiy asosda ishlovchi sudyalari:
- Oliy suddan – 2 nafar,
- viloyat bosqichidagi sudlardan – 7 nafar,
- tuman va shahar sudlaridan – 4 nafar sudyadan iborat bo‘ladi.
Nomzodlarning barchasi sudyalar malaka hay’atlari tomonidan tavsiya etiladi. Kengashning jamoatchilik asosidagi a’zolari esa ilmiy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tavsiyasi bilan shakllantiriladi.
2025 yil 15 dekabrdan boshlab Kengashning rasmiy veb-saytida:
- sud tizimida bo‘sh turgan barcha lavozimlar,
- ularni egallash tartiblari,
- nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayonlarining har bir bosqichi ochiq e’lon qilib boriladi.
Bundan tashqari, nomzodlardan ortiqcha hujjatlar talab qilish amaliyoti tugatiladi, Kengashning axborot tizimi idoralararo baza bilan to‘liq integratsiya qilinadi.
Farmonga muvofiq:
- sudyalar ish faoliyati samaradorligini baholashda sun’iy intellektdan foydalaniladi;
- nomzodlarning psixologik portretini baholash elektron platforma orqali amalga oshiriladi;
- Kengash majlislarida ovoz berish va qaror qabul qilish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Kengashga 4 ta qo‘shimcha shtat birligi ajratilib, uning umumiy shtati 32 ta qilib belgilandi.
Kengash, Oliy sud va Bosh prokuratura adolatsiz hukm va qarorlar uchun javobgarlikni xalqaro mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish, Kengash a’zolari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilash bo‘yicha tahliliy material tayyorlaydi.
Shu bilan birga, sudyalarga nisbatan intizomiy ish yuritishda ularning himoya huquqi kafolatlanadi, intizomiy jazolarning aniq mezonlari belgilanadi va jazo amalda bo‘lgan vaqtda yuqori lavozimlarga tavsiya etish taqiqlanadi.
Farmonga muvofiq:
- Odil sudlov akademiyasiga qabulda xotin-qizlar uchun alohida kvota belgilanishi mumkin;
- O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasi tuzilishi uchun tashabbus qo‘llab-quvvatlandi;
- Akademiyada o‘qituvchi sifatida ishlagan sudyalar faoliyat tugagach, o‘z lavozimiga qayta olish huquqiga ega bo‘ladi.
Mazkur Farmon sudyalar mustaqilligi va sud-huquq islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, sudyalar hamjamiyati organlarining professional va institutsional samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Nizomiddin Ernazarov,
O‘zbekiston Respublikasi
Odil sudlov akademiyasi
Kabinet mudiri
Boshqa yangiliklar
-
MAHALLALARDA XAVFSIZ MUHITNI YARATISH: YANGI BOSQICH VA MANZILLI YONDASHUV
-
Ma’ruza emas — muloqot va tahlil maydoni
-
Do‘stlikka berilgan — xalqaro e’tirof
-
Odil sudlov akademiyasida o‘quv-ilmiy yo‘nalishda xorijiy tajribaga asoslangan mashg‘ulotlar
-
Akademiyada ilmiy nashrlar faoliyatini tubdan yangilash bosqichi boshlandi.