Akademik halollik va etik yuksalish

Akademik halollik va etik yuksalish kengashi

-

O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida Akademik halollik va etik yuksalish kengashi akademik halollik tamoyillarini mustahkamlash, ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlarida yuqori axloqiy standartlarni ta’minlash, sud tizimi uchun halol va vijdonli kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida tashkil etilgan doimiy kollegial maslahat organi hisoblanadi.
         Kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Sudya lar oliy kengashining qarorlari, Akademiya Kengashining 2026-yil 19-maydagi 4-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi Akademik halollik va etik yuksalish kengashi to‘g‘risida”gi Nizom hamda Akademiya rektorining 2026-yil 26-maydagi 35-um-sonli buyrug‘i asosida faoliyat yuritadi.
         Kengashning asosiy maqsadlari va vazifalari
         Kengash Akademiyada quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
Akademik halollik, tadqiqot etikasi, baholash shafofligi, mualliflik huquqiga hurmat va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish qoidalarini joriy etish va monitoring qilish;
Plagiat, o‘z-o‘zini plagiat qilish, ko‘chirmachilik, kontrakt-chiting, ma’lumotlarni soxtalashtirish va boshqa akademik nohalollik holatlarining oldini olish hamda ularni ko‘rib chiqish;
Tinglovchilar, magistrantlar, professor-o‘qituvchilar va xodimlarda halollik, vijdonlilik, xolislik, mas’uliyat va shafoflik tamoyillarini shakllantirish;
Akademik halollik bo‘yicha majburiy treninglar, seminarlar va o‘quv kurslarini tashkil etish;
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, silabuslar, baholash topshiriqlari, dissertatsiyalar va ilmiy ishlarning akademik halollik talablariga muvofiqligini nazorat qilish;
Har o‘quv yili yakunida Akademiyada akademik halollik holati bo‘yicha tahliliy hisobot tayyorlash;
O‘quv va ilmiy adabiyotlarning sifatini oshirish, ularni ekspertizadan o‘tkazish va nashrga tavsiya etish;
Professor-o‘qituvchilar va tinglovchilarni ilmiy unvonlar, tanlovlar, grant va stipendiyalarga tavsiya etish.
          Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, xalqaro akademik etika standartlariga hamda profilaktik yondashuv tamoyillariga asoslanadi.
         Kengash tarkibi va faoliyat tartibi
            Kengash tarkibi Akademiya rektori buyrug‘i bilan tasdiqlanadi va quyidagilardan iborat:
6 nafar tajribali professor-o‘qituvchilar;
2 nafar Akademiya mutaxassisi;
1 nafar boshqa oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchisi;
1 nafar kasbiy qayta tayyorlash kursi tinglovchisi;
1 nafar magistratura talabasi;
2 nafar chet eldagi vatandosh va mutaxassislar.
            Kengash tarkibini shakllantirishda gender tenglik, ta’lim yo‘nalishlari xilma-xilligi, ilmiy salohiyat, mustaqillik va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillari hisobga olinadi.
            Kengash raisi, rais o‘rinbosari va kotibi har yili boshida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Kengash majlislari kollegiallik, mustaqillik, oshkoralik va xolislik prinsiplari asosida o‘tkaziladi. Qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Ahamiyati
            Akademik halollik va etik yuksalish kengashining faoliyati Odil sudlov akademiyasining asosiy vazifasi — sud tizimi uchun yuqori malakali, halol va kasbiy axloqiy me’yorlarga qat’iy rioya qiluvchi kadrlar tayyorlashni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu sud mustaqilligini mustahkamlash va jamiyatda sud tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qiladi.

Akademik halollik kengashi Nizomi

2026 – yil ish rejasi

Biz bilan aloqa

  • Manzil:

    Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Cho'ponota koʼchasi, 6

  • Qabul kunlari:

    Du-Sha 09:00-18:00

  • Indeks:

    100097