Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan monitoring o‘tkazildi
Odil sudlov akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Prezident Administratsiyasi tomonidan monitoring o‘tkazildi.
Mazkur jarayonga Akademiya rahbariyati, yangi shakllangan professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda tinglovchilar jalb etildi.
Akademiyada jami 20 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda (6 nafari DSc, 11 nafari PhD ilmiy darajasiga ega, 4 nafar professor, 5 nafar dotsent, 13 nafari ilgari sudyalik lavozimlarida faoliyat yuritgan, shundan 6 nafari amaldagi sudyalar hisoblanadi);
— 2025–2026 o‘quv yilida jami 164 nafar tinglovchi o‘qishga qabul qilingan, shundan 4 nafari tinglovchilar safidan chiqarilgan;
— dars jarayonlari “nazariya – amaliyot – imitatsiya” tamoyili asosida dual ta’lim shaklida tashkil etilgan bo‘lib, kunning birinchi yarmida nazariy, ikkinchi yarmida deontologik va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Tadbir davomida sud tizimi uchun kadrlar tayyorlashning institutsional asosi sifatida tashkil etilgan Akademiya faoliyatining mazmun-mohiyati, uni xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Xususan, “bo‘lajak sudyani sudya tayyorlaydi” tamoyili asosida o‘quv jarayoniga amaliyotchi sudyalarni jalb etish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida Akademiya rektori va yangi tayinlangan prorektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar, ta’lim jarayonini takomillashtirish hamda kelgusidagi aniq manzilli rejalariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, tinglovchilarning bilim darajasi, kasbiy salohiyati va o‘quv jarayoniga munosabatini aniqlash maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
Monitoring jarayonida Akademiyaning raqamli infratuzilmasi, elektron ta’lim platformalari, simulyatsiya zallari hamda o‘quv mashg‘ulotlarida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar holati ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha Akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflar muhokama qilinib, Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini yanada samarali ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar va istiqboldagi rejalar belgilab berildi.
Boshqa yangiliklar
-
Akademiyada yangi tayinlovlar hamda moʻtabar ustozga yuksak ehtirom
-
Tayinlov
-
Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari Milliy kutubxonada!
-
Odil sudlov akademiyasi rasman faoliyat boshladi Bugun O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
-
Sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash - davr talabi