DAVLAT KADASTRLARI PALATASI HUDUDIY BOSHQARMALARI YURIDIK XIZMAT XODIMLARI UCHUN MALAKA OSHIRISH KURSI YAKUNLANDI
28.10.2026 / 21:31
29
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari yuridik xizmat xodimlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kursi yakunlandi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ushbu sohada yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartibi hamda mazkur yo‘nalishdagi qonunchilikni qo‘llash amaliyotini o‘rgandilar.
Shuningdek, ma’muriy sud hujjatlari ijrosini ta’minlash, sudlarga ariza, shikoyat va iltimosnomalar kiritish tartibi, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari qarorlarini huquqiy jihatdan asoslash hamda kadastr organlari mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Mashg‘ulotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari hamda advokat so‘rovlarini ko‘rib chiqish tartibi, shuningdek, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq nizolarning sudlarda ko‘rilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Nazariy bilimlar amaliy misollar bilan mustahkamlanib, tinglovchilarning qonunchilik normalarini to‘g‘ri qo‘llash, huquqiy hujjatlarni tayyorlash va sud jarayonlarida samarali ishtirok etish ko‘nikmalari rivojlantirildi.
Kurs yakunida tinglovchilar bilimini baholash maqsadida test sinovlari o‘tkazildi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga kursni tamomlaganlik sertifikatlari topshirildi.
Tinglovchi fikri
Malaka oshirish kursi tinglovchilaridan biri o‘quv mashg‘ulotlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
«Mazkur malaka oshirish kursi kasbiy faoliyatimizda uchraydigan masalalarni chuqurroq anglash, qonunchilik normalarini to‘g‘ri qo‘llash va amaliy ko‘nikmalarimizni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Tajribali mutaxassislar tomonidan olib borilgan mashg‘ulotlar biz uchun foydali bo‘ldi».
Boshqa yangiliklar
-
Odil sudlov akademiyasi vakili Maltadagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston tajribasini taqdim etdi
-
EMOTIONS FROM JAPAN: YANGI TAJRIBA — YANGI IMKONIYATLAR!
-
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonunga sharh kitobi taqdimoti va jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi
-
AKADEMIYA DELEGATSIYASINING YAPONIYAGA TASHRIFI: XALQARO HAMKORLIK VA TAJRIBA ALMASHINUVI
-
AKADEMIYA VAKILI “III GENÇLİK FORUMU”DA ISHTIROK ETDI