“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonunga sharh kitobi taqdimoti va jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi

27.10.2026 / 20:54
10
#

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuniga sharh kitobining taqdimoti va jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori ham ishtirok etdi.

Tadbir Oliy sud, Osiyo taraqqiyot banki va Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tayyorlangan, 820 sahifadan iborat sharh kitobining mazmun-mohiyati va ilmiy-amaliy ahamiyatini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Nashrda Qonunning barcha 17 bobi qamrab olinib, uning har bir moddasi mazmuni, huquqiy maqsadi, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan o‘zaro bog‘liqligi hamda sud amaliyotida qo‘llanilishi batafsil yoritilgan.

Tadbir davomida to‘lovga qobiliyatsizlikka oid ishlarni sudlarda ko‘rib chiqish, sud nazoratining samaradorligini ta’minlash, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, to‘lov qobiliyatini tiklash hamda mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, sharhni tayyorlashda milliy qonunchilik va sud amaliyoti bilan bir qatorda xalqaro tajriba hamda xalqaro tashkilotlarning tegishli hujjatlaridan foydalanilgani ta’kidlandi.

Mazkur nashr qonun normalarini amaliyotda to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash, huquqiy aniqlikni ta’minlash, sud qarorlari sifati va barqarorligini oshirish hamda to‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada rivojlantirishda muhim amaliy manba bo‘lib xizmat qiladi.

Biz bilan aloqa

  • Manzil:

    Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Cho'ponota koʼchasi, 6

  • Qabul kunlari:

    Du-Sha 09:00-18:00

  • Indeks:

    100097