Turkiy davlatlar sud-huquq ta’limi bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi

08.05.2026 / 10:05
15
#

Joriy yilning 5–6-may kunlari Toshkent shahrida “Turkiy davlatlarda sud-huquq ta’limi va odil sudlov: raqamli transformatsiya hamda ilg‘or tajribalar sari integratsiya” mavzusidagi nufuzli xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro tadbir O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tomonidan tashkil etildi. Forumda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlarining sud-huquq ta’limi muassasalari, bosh prokuraturalar huzuridagi ta’lim muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar ishtirok etdi.

Forum doirasida sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish, sudyalar korpusini tayyorlash va qayta tayyorlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, shuningdek sud-huquq ta’limini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan sohada raqamli transformatsiyani jadallashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, sud mustaqilligini ta’minlash, odil sudlov sifatini oshirish hamda sudyalarni tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

Forum doirasida “Ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish amaliyoti”, “Sudyalarni tayyorlash va malakasini oshirishda xalqaro standartlar hamda ilg‘or yondashuvlar”, “Sudya va huquqni muhofaza qilish organlari kadrlarini tayyorlashda zamonaviy pedagogik usullardan samarali foydalanish istiqbollari” kabi dolzarb mavzularda sessiyalar tashkil etildi.

Sessiyalar davomida ishtirokchi davlatlar vakillari tomonidan sud-huquq ta’limi tizimida raqamli yechimlarni joriy etish, elektron ta’lim platformalarini rivojlantirish, sudyalar malakasini oshirishda innovatsion usullarni qo‘llash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.

Forum yakunida turkiy davlatlar sud-huquq kadrlarini tayyorlash muassasalari rahbarlari tomonidan qo‘shma bayonnoma imzolandi. Mazkur hujjat o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish va qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Xalqaro forumning ikkinchi kuni xorijiy delegatsiyalar a’zolarining O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasiga tashrifi tashkil etildi. Mehmonlar Akademiya faoliyati, o‘quv jarayoni, ilmiy tadqiqot ishlari hamda zamonaviy infratuzilma bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif davomida Akademiyada joriy etilgan “Elektron ta’lim” dasturiy ta’minoti, o‘quv rejalari va ilmiy faoliyatga oid taqdimotlar o‘tkazildi. Ayniqsa, bo‘lajak sudyalarning psixologik portretini shakllantirish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi hamda Ozarbayjon Respublikasi Adliya akademiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasida sud-huquq ta’limi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Forum yakunida ishtirokchilar uchun O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishish maqsadida madaniy dastur tashkil etildi. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga tashrif buyurildi.

Umuman olganda, mazkur xalqaro forum sud-huquq ta’limi sohasidagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.