ODIL SUDLOV AKADEMIYASIDA YXHT LOYIHALARI KOORDINATORI BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI

16.06.2026 / 18:24
18
#

O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (OSCE) O‘zbekistondagi Loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Akademiya rektori Sherzod Abduqodirov Akademiya faoliyati, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda sudyalarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Tomonlar Akademiya va YXHT o‘rtasida bugungi kunda yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikni yuqori baholab, xususan, respublika sudyalari uchun kiberjinoyatlarga qarshi kurash mavzusida muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgan o‘quv-treninglarning ahamiyati va samaradorligini alohida ta’kidladilar.

Shuningdek, uchrashuvda Akademiya va YXHT o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilinib, 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha Yo‘l xaritasini ishlab chiqish va tasdiqlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Elchi Antti Karttunen tomonidan sud-huquq sohasida salohiyatni oshirish, sudyalar uchun zamonaviy o‘quv dasturlarini tashkil etish hamda xalqaro tajribani joriy etishga qaratilgan hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan takliflar bildirildi.

Uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tib, tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.