LONDONDA OʻZBEKISTON OLIY SUDINING SIFoCCga AʼZOLIGI EʼLON QILINDI

26.11.2026 / 20:31
14
#

Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Nodira Hakimova boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniyada amaliy tashrif bilan boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Tijorat sudlarining doimiy xalqaro forumi (SIFoCC)ga aʼzoligi eʼlon qilinishiga bagʻishlangan marosim tashrifning markaziy tadbiri boʻldi.
Tashrif davomida Buyuk Britaniya sud-huquq tizimining nufuzli vakillari hamda xalqaro professional tuzilmalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.

Jumladan, SIFoCC Boshqaruv guruhi raisi J. Vos va tashkilotning kundalik faoliyati uchun masʼul sudya R. Noulz, Angliya va Uels sudlari rahbari S. Karr, Odil sudlov maktabi raisi N. Grin hamda Xalqaro nizolarni hal etish markazi ijrochi direktori D. Xikman bilan muloqotlar boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvlarda soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlik subʼyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlov samaradorligini oshirish va sudyalar hamjamiyatining rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari haqida atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi va bir qator nufuzli xalqaro hamda Buyuk Britaniyaning kasbiy-huquqiy tuzilmalari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda Xalqaro maslahat va nizolarni hal etish boʻlimi (IADRU), Xalqaro advokatlar assotsiatsiyasi (IBA), Tijorat nizolari boʻyicha yuristlar forumi (CLF) hamda Angliya va Uels advokatlar kengashi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida nizolarni muqobil hal etish mexanizmlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro tijorat nizolarini samarali hal etish, advokaturaning rolini kuchaytirish, shuningdek, sud faoliyatiga ilgʻor axborot texnologiyalarini joriy etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan oʻz tashkilotlarining faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar, toʻplangan amaliy tajriba hamda kelgusidagi tashabbuslarga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazildi.

Tashrif dasturidan, shuningdek, sud jarayonlarini tashkil etish va sud ishlarini boshqarish, arbitraj va mediatsiya, shuningdek, sud ishlarini yuritishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalariga bagʻishlangan seminarlar ham oʻrin oldi.

London uchrashuvlari Oʻzbekiston sud tizimining xalqaro professional muloqotdagi ishtirokini kengaytirish, xorijiy sud-huquq institutlari bilan oʻzaro tajriba almashish va amaliy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi ilmiy, innovatsiyalar va axborot-tahliliy ishlar bo‘yicha prorektori Nodirbek Salayev ham ishtirok etdi.

Shuningdek, tashrif doirasida Buyuk Britaniya Odil sudlov maktabi rahbariyati va vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda sud-huquq ta’limi sohasida, xususan, kadrlar tayyorlash, sudyalar va sud tizimi mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur tashrif Odil sudlov akademiyasi uchun ham xalqaro sud-huquq ta’limi va ekspertlik aloqalarini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish hamda uni milliy sud-huquq ta’limi jarayoniga tatbiq etish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz bilan aloqa

  • Manzil:

    Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Cho'ponota koʼchasi, 6

  • Qabul kunlari:

    Du-Sha 09:00-18:00

  • Indeks:

    100097