Umrini el-yurt xizmatiga baxshida etgan insonlar doimo eʼzoz va ehtiromga loyiq

19.09.2026 / 19:32
12
#

Umrini el-yurt xizmatiga baxshida etgan insonlar doimo eʼzoz va ehtiromga loyiq. Shu maʼnoda, Namangan viloyatining Uychi tumanida tug‘ilgan Halima Muhitdinova ham uzoq yillar sud-huquq tizimida samarali faoliyat olib borgan, o‘z hayotini xalq xizmatiga bag‘ishlagan fidoyilardan edi. Ustozning nomini abadiylashtirish, uning ibratli hayotini yoshlarga namuna qilib ko‘rsatish maqsadida Namangan shahrida Halima Muhitdinova tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlab tantanali tadbir tashkil etildi.

Prezident Administratsiyasi, Sudyalar oliy kengashi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar Assotsiatsiyasi, Adliya vazirligi rahbarlari, shuningdek viloyatlardan kelgan sud faxriylari ishtirok etgan xotira tadbiri avvalida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Halima Muhitdinova nomidagi akademik litseyda sud-huquq fidoyisining hayoti yo‘li, amalga oshirgan ezgu ishlariga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. U kishining xotirasini abadiylashtirish maqsadida taʼlim dargohiga Halima Muhitdinova byusti o‘rnatilib, xotira muzeyi tashkil etildi. Tadbir avvalida mehmonlar tomonidan H.Muhitdinova byusti ochilib, poyiga gullar qo‘yildi. Shundan so‘ng, ishtirokchilar xotira muzeyida bo‘lib, Halima Muhitdinova hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan eksponatlar, ish buyumlari bilan tanishdilar.

- Men Halima Muhitdinova nomidagi akademik litseyda taʼlim olayotganimdan xursandman, - deydi taʼlim muassasasining 1-bosqich o‘quvchisi Munzira Rahmatullayeva. Albatta, kelajakda mazkur muassasani tamomlab, Halima Muhitdinova kabi fidoyi huquqshunos bo‘lmoqchiman.

Shundan so‘ng xotira tadbiri Namangan viloyati musiqali drama teatrida davom etdi. So‘zga chiqqan sud tizimi faxriylari, mehmonlar Halima Muhitdinovaning mehnat faoliyatiga to‘xtalib, ko‘rsatgan xizmatlari, jasorat va fidoyiliklari haqida so‘zlab berdilar.

Tadbir davomida Halima Muhitdinovaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Matonat malikasi” nomli kitob va shu nomdagi hujjatli film taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, sud-huquq fidoyisiga bag‘ishlab sahnalashtirilgan teatr kompozitsiyasi tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

- Bugun opamiz Halima Muhitdinovaning xotirasini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilgan ezgu ishlari ko‘rib, ko‘zimizga yosh keldi, - deydi H. Muhitdinovaning jiyani Sanobar Soliyeva. Darhaqiqat, Halima opa  har qanday vaziyatda ham kasbiga sodiq qolib, xalq manfaatini birinchi darajaga qo‘ygan inson bo‘lganlar. Bunday ayolning jiyani ekanimizdan faxrlanamiz.

Tantanali tadbir davomida shuningdek, Halima Muhitdinova hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab kuylangan “Adolat quyoshi” nomli qo‘shiq premyerasi ham bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga yozuvchilar tomonidan “Umr saodati” doston-poemasi, “Mehrning mangu qo‘shig‘i” nomli drama yozilib, gazetalarla eʼlon qilingani aytildi. Ayni shu ishlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan ijodkorlarga Namangan viloyati hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

- Bugungi hujjatli film hamda teatr kompazitsiyasi orqali ustoz huquqshunos Halima Muhitdinovaning Oliy sud raisi sifatida amalga oshirgan ishlari, tizim rivoji yo‘lidagi jonbozliklariga guvoh bo‘ldik, deydi Namangan viloyati sudi sudyasi Nargiza Ahadova.

Albatta, bu kabi tadbirlar Halima Muhitdinova kabi fidoyi insonlarning xotirasini abadiylashtirish, ularning umr yo‘lini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega.

Biz bilan aloqa

  • Manzil:

    Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Cho'ponota koʼchasi, 6

  • Qabul kunlari:

    Du-Sha 09:00-18:00

  • Indeks:

    100097