Sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro tajriba ta’lim va tadqiqot jarayonlarida qo‘llaniladi
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida sun’iy intellekt yo‘nalishida xalqaro ekspert, professor (DSc) Said Gulyamov ishtirokida mahorat darsi hamda Akademiya rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, ekspert tomonidan “Sun’iy intellekt odil sudlov tizimida: global standartlardan O‘zbekiston Respublikasining milliy modeliga” mavzusida master-klass tashkil etildi. Unda tinglovchilar sun’iy intellektning zamonaviy imkoniyatlari, AI texnologiyalarini amaliyotda qo‘llash mexanizmlari hamda global tendensiyalar haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Shundan so‘ng Akademiya vakillari va Said Gulyamov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, sud tizimi va ta’lim jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ekspert tomonidan Akademiya o‘quv jarayoniga muayyan fanlar kesimida sun’iy intellekt asosidagi o‘quv modullarini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar bildirildi. Tomonlar mazkur modullarni hamkorlikda ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Shuningdek, Said Gulyamov Akademiya tinglovchilari hamda malaka oshirish kursi ishtirokchilari uchun kelgusida ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.
Mazkur uchrashuv Akademiyada innovatsion ta’lim muhitini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini sud-huquq sohasiga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Boshqa yangiliklar