Sud tizimi faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar tayyorlanmoqda

06.04.2026 / 20:34
15
#

Avval xabar qilganimizdek bugun O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida “Sud jurnalistikasi” yo‘nalishidagi maxsus o‘quv kursining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur o‘quv kursi Odil sudlov akademiyasi hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida tashkil etilib, uning asosiy maqsadi bo‘lajak jurnalistlarda sud-huquq tizimi faoliyatini chuqur anglash, sud jarayonlarini xolis va professional yoritish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. 

Tadbirda Sudyalar oliy kengashi raisi X.B. Yodgorov, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.B. Rashidov, Odil sudlov akademiyasi rektori Sh.Yo. Abduqodirov, shuningdek O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Sh.O. Oripovlar ishtirok etib, so‘zga chiqdilar.

Ular o‘z ma’ruzalarida mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud tizimining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni kuchaytirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladilar.

Mazkur o‘quv kursida jami 41 nafar Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari ishtirok etdi. Ular ushbu kurs orqali sud-huquq tizimi faoliyatini chuqur o‘rganish hamda sud jarayonlarini professional darajada yoritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.