Sud tizimi faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar tayyorlanadi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori boshchiligidagi vakillar O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bo‘ldilar. Uchrashuvda sud tizimi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida professional yoritish, shuningdek ta’lim, huquq va media sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida universitetning moddiy-texnik bazasi, mediastudiyalari hamda o‘quv jarayoni bilan tanishildi. Muzokaralar yakunida universitet talabalari uchun “Sud jurnalistikasi” yo‘nalishida maxsus o‘quv kursini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Rejaga ko‘ra, 30 nafar saralangan talabalar Odil sudlov akademiyasi professor-o‘qituvchilari, amaldagi sudyalar hamda media sohasi ekspertlari tomonidan o‘qitiladi. Ular sud jarayonlarini yoritishning huquqiy asoslari, jurnalistika standartlari, kasbiy etika hamda aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etish kabi muhim masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Uchrashuv davomida universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja tomonidan universitet hududida sud muhitini aks ettiruvchi maxsus o‘quv auditoriyalari va amaliy mashg‘ulotlar zallarini tashkil etish taklifi bildirildi. Akademiya rahbariyati ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, sud tizimi faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlari universitet talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Boshqa yangiliklar
-
SUD PSIXOLOGIYASI SOHASIDA HAMKORLIK MUSTAHKAMLANMOQDA
-
ODIL SUDLOV AKADEMIYASI — UI GREENMETRIC XALQARO REYTINGIDA TOP-1000 TALIKDAN O‘RIN EGALLADI
-
Yosh avlodning shaxsiy kamoloti va vatanparvarlik ruhini shakllantirish masalalari muhokama qilindi
-
XXR elchisi bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
-
“Toshkent xalqaro moliya markazi sud amaliyotini qanday o‘zgartiradi?”