Odil sudlov akademiyasida amaliy magistratura dasturining ilk o‘quv yili boshlandi

07.09.2026 / 14:23
28
#

O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida “Sud faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha amaliy magistratura dasturiga qabul qilingan tinglovchilar uchun yangi o‘quv yilining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur amaliy magistratura dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–141-son Farmoniga muvofiq 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ilk bor yo‘lga qo‘yildi.

Farmon ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-iyundagi 327-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida “Sud faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha amaliy magistraturaga qabul jarayonlari tashkil etildi.

Qabul jarayonida my.edu.uz elektron platformasi orqali jami 872 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Ularning 699 nafarini tashqi, 173 nafarini esa ichki abituriyentlar tashkil etdi.

Tashqi abituriyentlar bakalavriat diplomi bo‘yicha to‘plagan ballarining o‘rtacha ko‘rsatkichi ketma-ketligiga ko‘ra saralangan bo‘lsa, ichki abituriyentlar mutaxassislik fanlari hamda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat mavjud bo‘lmagan hollarda chet tilidan test sinovlari orqali tanlovdan o‘tkazildi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida tahsil olish uchun jami 61 nafar talabgor amaliy magistraturaga qabul qilindi.

Yangi o‘quv yilining ochilish tadbirida Odil sudlov akademiyasi rektori magistraturaga qabul qilingan talabalarni yangi bosqich bilan tabriklab, amaliy magistratura dasturining maqsad va vazifalari, sud-huquq sohasi uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, Akademiya mas’ullari tomonidan o‘quv jarayonining tashkil etilishi, ta’lim dasturining o‘ziga xos jihatlari, talabalarga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida yangi qabul qilingan talabalar uchun Akademiya bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi. Unda ular zamonaviy o‘quv auditoriyalari, Axborot-resurs markazi faoliyati, sud jarayonlarini amaliy tarzda o‘rganishga mo‘ljallangan sud imitatsiyasi xonasi, shuningdek, Pro Bono yuridik klinikasi faoliyati va bu yerda yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Amaliy magistratura dasturi doirasida dars mashg‘ulotlarini yetuk sud-huquq sohasi vakillari, tajribali sudyalar, yetakchi huquqshunos olimlar hamda malakali mutaxassislar ishtirokida, nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirgan holda tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Tadbir yakunida yangi qabul qilingan talabalar ishtirokida esdalik fotosurati olindi.

Biz bilan aloqa

  • Manzil:

    Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Cho'ponota koʼchasi, 6

  • Qabul kunlari:

    Du-Sha 09:00-18:00

  • Indeks:

    100097