ODIL SUDLOV AKADEMIYASI XALQARO HAMKORLIK ALOQALARINI KENGAYTIRMOQDA

27.11.2026 / 22:40
20
#

Odil sudlov akademiyasida Xalqaro adliya va qonun ustuvorligi instituti (IIJ)ning janob Naufel Geid boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Akademiya rektori Sherzod Abduqodirov mehmonlarni muassasaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash, amaldagi sudyalar malakasini oshirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish usullarini joriy etish borasidagi ishlar bilan tanishtirdi.

Muloqotda sudyalarning kasbiy salohiyatini oshirish, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta’minlash, terrorizm hamda transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Odil sudlov akademiyasi va IIJ o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida qo‘shma o‘quv dasturlari va ixtisoslashtirilgan kurslar tashkil etish, amaliy mashg‘ulotlar va sud simulyatsiyalarini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish hamda o‘quv-uslubiy materiallarni birgalikda ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Hamkorlikning dastlabki amaliy qadami sifatida sudyalar va Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirokida ixtisoslashtirilgan o‘quv kursini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Akademiya faoliyati, ta’lim jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda “Pro Bono” yuridik klinikasi faoliyati bilan ham tanishdilar.

Mazkur memorandum ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sudyalarning kasbiy mahoratini oshirish va ilg‘or xalqaro tajribani milliy sud-huquq ta’limi tizimiga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Biz bilan aloqa

  • Manzil:

    Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Cho'ponota koʼchasi, 6

  • Qabul kunlari:

    Du-Sha 09:00-18:00

  • Indeks:

    100097