ODIL SUDLOV AKADEMIYASI REKTORINING YANGI O‘QUV YILI MUNOSABATI BILAN MUROJAATI
Hurmatli professor-o‘qituvchilar!
Aziz tinglovchilar va magistrantlar!
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida 2026–2027 o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan barchangizni, Akademiya jamoasining har bir a’zosini samimiy muborakbod etaman!
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sudlarning mustaqilligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Bu islohotlarning samarasi, eng avvalo, sud-huquq tizimida faoliyat yuritadigan kadrlarning bilimi, kasbiy mahorati va ma’naviy fazilatlariga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF–141-son Farmoni asosida tashkil etilgan Odil sudlov akademiyasi sudyalikka nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maskanidir.
Bu yilgi qabul natijalari Akademiyaga bo‘lgan ishonch va qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatdi. Kasbiy qayta tayyorlash kurslariga 849 nafar talabgor hujjat topshirgan bo‘lsa, ular orasidan belgilangan mezonlar asosida 112 nafar nomzod saralab olindi. Magistraturaga esa 872 nafar talabgordan 61 nafari qabul qilindi. Magistratura dasturining Akademiya tarixida ilk bor yo‘lga qo‘yilgani biz uchun alohida faxr va katta mas’uliyatdir.
Aziz tinglovchilar va magistrantlar!
Siz kuchli raqobatdan o‘tib, saralanganlar qatoridan joy oldingiz. Bu – bilimingiz va mehnatingizning e’tirofi, ayni paytda jamiyat oldidagi ulkan mas’uliyatning boshlanishidir. Ertaga sizning qarorlaringizga inson taqdiri, oilalar osoyishtaligi va jamiyatning adolatga bo‘lgan ishonchi bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun har bir dars, har bir amaliy mashg‘ulot va sud jarayoni simulyatsiyasiga kelajakdagi kasbiy faoliyatingizning poydevori sifatida qarang.
Biz sizdan faqat diplom emas, balki mustaqil fikrlaydigan, qonunni chuqur biladigan va adolatli qaror qabul qilish mas’uliyatini his etadigan mutaxassis bo‘lib yetishishingizni kutamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 14-avgustdagi PF–160-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi oldimizga yanada yuksak vazifalarni qo‘ymoqda. Strategiyada “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro e’tirof” kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Akademiyani xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida rivojlantirish, sud kadrlarini tayyorlashning uzluksiz tizimini — magistratura, qayta tayyorlash, amaliyot, baholash va doimiy malaka oshirish zanjirini yo‘lga qo‘yish vazifasi bevosita bizning zimmamizdadir.
Shu maqsadda yangi o‘quv yilida asosiy e’tiborimizni quyidagi yo‘nalishlarga qaratamiz:
➖ o‘quv jarayonini amaliyotga yanada yaqinlashtirish, sud jarayonlari simulyatsiyasi hamda tajribali sudyalar ishtirokidagi amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish;
➖ raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt vositalarini ta’lim jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etish;
➖ ilmiy faoliyatni kuchaytirish, sud amaliyotiga doir dissertatsiya tadqiqotlari va ilmiy-amaliy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash;
➖ xorijiy sudyalar tayyorlash muassasalari va nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish;
➖ “Pro Bono” yuridik klinikasi faoliyatini rivojlantirish orqali tinglovchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish.
Sudya uchun chuqur bilim qanchalik muhim bo‘lsa, halollik, xolislik va poklik ham shunchalik zarur. Korrupsiyaga nisbatan murosasizlik, kasb odobi va sudya sha’niga sadoqat Akademiyamizda ta’lim-tarbiyaning ajralmas qismi bo‘lib qoladi.
Qadrli professor-o‘qituvchilar!
Tinglovchilarimiz ertaga qanday mutaxassis bo‘lib yetishishi ko‘p jihatdan sizning bilimingiz, tajribangiz va shaxsiy ibratingizga bog‘liq. Ishonamanki, yangi o‘quv yilida ham o‘z salohiyatingizni namoyon etib, har bir mashg‘ulotni mazmunli va samarali tashkil etasiz.
Barchangizni yangi o‘quv yili boshlangani bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. O‘qish va izlanishlaringiz yuksak natijalar bilan yakunlansin, kelajakdagi faoliyatingiz adolat va qonun ustuvorligiga xizmat qilsin!
O‘zbekiston Respublika Odil sudlov akademiyasi
rektori Sh.Y. Abduqodirov
Boshqa yangiliklar
-
Iqtisodiy nizolarni muqobil hal etish usullari muhokama qilindi
-
Navbatdagi malaka oshirish kurslari yakunlandi
-
Akademiyada yangi o‘quv yilining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
-
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni muborak bo‘lsin!
-
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi