⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!

Odil sudlov akademiyasi rasman faoliyat boshladi Bugun O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

02.10.2025 / 15:15
30
#

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash
tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashkil etilgan Odil sudlov akademiyasi sud-huquq tizimida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi.

Aytish mumkinki, sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali sudyalar korpusini shakllantirishning yangi davri boshlanmoqda.

 Sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash,  interfaol o‘qitish uslublari va ilg‘or axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan  foydalanish orqali ularda kasbiy va madaniy ko‘nikmalar shakllantirish Akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Shuningdek,  sud faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlash, fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar o‘tkazish, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash va sudyalar malakasini oshirishga ixtisoslashgan xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham mazkur ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasining asosiy vazifalari sifatida belgilangan.

Odil sudlov akademiyasi ochilishi tadbirida mamlakatimiz sud tizimi mutasaddilari, davlat va jamoat arboblari, sud faxriylari, shuningdek, Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston va Ozarbayjon davlatlarining sudyalar hamjamiyatlari yetakchilari, ixtisoslashgan ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etib, izchil davom etayotgan sud-huquq islohotlari va ularning amaliy natijalari e’tirof etildi. Istiqboldagi vazifalar va ularning ijrosi xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, akademiyada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

Shu kunning o‘zida Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikalarining sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash va sudyalar malakasini oshirishga ixtisoslashgan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan anglashuv memorandumi imzolandi.

Bugungi tadbirning uzviy davomi sifatida ertaga “Yangi O‘zbekistonda malakali sudyalar korpusini shakllantirish: islohotlar samaradorligi va rivojlanish istiqbollari” mavzuida xalqaro konferensiya  bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025/2026 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash o‘quv kurslariga 164 nafar tinglovchi qabul qilingan bo‘lib, ular jinoyat huquqi, fuqarolik huquqi hamda ma’muriy va iqtisodiy huquq yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oladi.