ODIL SUDLOV AKADEMIYASI BITIRUVCHILARIGA SERTIFIKATLAR TOPSHIRILDI
Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining Kasbiy qayta tayyorlash kursi bitiruvchilariga tantanali sertifikat topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbir Toshkent davlat yuridik universiteti majlislar zalida tashkil etilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi, Sudyalar oliy kengashi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar assotsiatsiyasi, Ayol sudyalar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakillari, bitiruvchilar, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Marosim davlat madhiyasi bilan ochildi. Tadbirda soʻzga chiqqan faxriy mehmonlar tomonidan soʻnggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari natijasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida muhim ijobiy oʻzgarishlar yuz berayotgani alohida taʼkidlandi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF–141-sonli Farmoniga muvofiq, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etilib, sud-huquq tizimi uchun kadrlar tayyorlash tizimi mutlaqo yangi bosqichga olib chiqilgani qayd etildi.
2025/2026 oʻquv yili uchun tashkil etilgan Kasbiy qayta tayyorlash kursiga 1016 nafar talabgor orasidan 164 nafar tinglovchi qabul qilinib, ularning 159 nafari dasturni muvaffaqiyatli yakunladi.
Bitiruvchilarning aksariyati sud, advokatura, ekspertiza hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat yuritayotgan amaliyotchilardan iborat boʻldi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, bitiruvchilarning 77 foizini erkaklar, 23 foizini esa ayollar tashkil etdi.
Oʻquv jarayoni “nazariya – amaliyot – imitatsiya” tamoyili asosida olib borilib, 124 soat nazariy, 250 soat amaliy mashgʻulot hamda 250 soat sud imitatsiyalari oʻtkazildi. Tinglovchilar haftasiga 3 kun sudlarda amaliyot oʻtab, 4000 dan ortiq elektron sud ishlari asosida qaror qabul qilish koʻnikmalarini shakllantirdi.
Taʼlim jarayonida 22 nafar professor-oʻqituvchi, jumladan, sobiq sudyalar va xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi. Tinglovchilar deputatlar, advokatlar, prokurorlar hamda xalqaro ekspertlar bilan treninglarda qatnashib, Ispaniya, Germaniya, Litva, Turkiya, Yaponiya va Ozarbayjon davlatlari tajribasi bilan tanishtirildi.
Kurs yakunida tinglovchilarning nazariy va amaliy bilimlarini baholash maqsadida yakuniy sinovlar oʻtkazildi. Mazkur kurs sud tizimi uchun yetuk kadrlar tayyorlash bilan birga, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholandi.
Marosim davomida yangi avlod sudyalarini tayyorlashga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan soʻng bitiruvchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Bitiruvchilarning ota-onalari va yaqinlari ham tabrik soʻzlari bilan ishtirok etishdi. Bitiruvchilar tomonidan Akademiya rahbariyati va professor-oʻqituvchilarga tilaklar yozilgan esdalik kitobi topshirildi.
Marosim yakunida umumiy fotosuratga tushish hamda badiiy dastur namoyishi boʻlib oʻtdi.
Mazkur marosim bitiruvchilarning kasbiy muvaffaqiyatini nishonlash bilan birga, ularning sudyalik faoliyatiga puxta tayyorgarlik koʻrganini yana bir bor namoyon etdi.
Boshqa yangiliklar