Do‘stlikka berilgan — xalqaro e’tirof

26.12.2025 / 21:40
30
#

O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi kabinet mudiri Nizomiddin Ernazarov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov hamda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi haqidagi fikrlarini “Dunyo” AA muxbiriga bayon qildi:

- Ushbu nufuzli mukofot uch davlat rahbarlarining mintaqada tinchlik, barqarorlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish borasidagi izchil sa’y-harakatlariga berilgan yuksak xalqaro e’tirofdir.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ochiq muloqot, o‘zaro hurmat va konstruktiv hamkorlikka asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhit qaror topdi. Bu jarayon davlatlarimiz rahbarlarining tinchlik va barqarorlikni eng ustuvor qadriyat sifatida belgilab olgan qat’iy siyosiy irodasi, mavjud muammolarni kuch ishlatish yoki qarama-qarshilik emas, balki faqat siyosiy-diplomatik yo‘llar orqali hal etishga bo‘lgan mas’uliyatli yondashuvi natijasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va mintaqaviy hamjihatlik siyosati Markaziy Osiyoda davlatlararo munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu yondashuvga ko‘ra, har bir davlatning milliy manfaatlari qo‘shni mamlakatlar manfaatlari bilan uyg‘un holda ta’minlanishi, mintaqaviy masalalar esa umumiy mas’uliyat va hamkorlik asosida hal etilishi lozim.

Prezidentlar darajasidagi muntazam uchrashuvlar, yuqori martabali tashriflar va ochiq, xolis muzokaralar o‘zaro ishonch muhitini mustahkamladi. Eng muhimi, ilgari uzoq yillar davomida yechimini topmagan murakkab masalalarni kechiktirish amaliyotidan voz kechilib, ularni ochiq muhokama qilish va o‘zaro murosa asosida hal etish mexanizmi shakllandi. Bu esa Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning ishonchli siyosiy poydevorini yaratmoqda.

Xalqaro ekspertlar ham mazkur jarayonni mintaqaviy hamkorlikning yangi va samarali modeli sifatida baholamoqda. Jumladan, nufuzli tahlil markazlari tomonidan bildirilgan fikrlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida shakllanayotgan ishonch muhiti va ochiq muloqot amaliyoti boshqa mintaqalar uchun ham namuna bo‘lishi mumkin. Ekspertlar ta’kidlaganidek, mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va o‘zaro manfaatlarni inobatga olgan yondashuvi tinchlikni ta’minlash bilan birga, barqaror iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy farovonlikka keng imkoniyatlar ochmoqda.

Ayniqsa, ilgari keskin masala bo‘lib kelgan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasida erishilgan kelishuvlar mintaqa tinchligi va barqarorligi yo‘lida tarixiy ahamiyatga ega qadam bo‘ldi. Mazkur kelishuvlar ko‘p yillar davomida turli tushunmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelgan muammolarni siyosiy iroda va o‘zaro murosa asosida hal etish mumkinligini amalda namoyon etdi. Natijada chegaraoldi hududlarda xavfsizlik mustahkamlanib, fuqarolarning erkin harakatlanishi, savdo-sotiq bilan shug‘ullanishi va kundalik ijtimoiy hayoti uchun qulay sharoit yaratildi. Bu esa aholi o‘rtasida davlatlarga bo‘lgan ishonchni oshirish, qo‘shni xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni tiklashda muhim omil bo‘lmoqda.      

Shuningdek, transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikning faollashuvi mintaqaning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Avtomobil va temir yo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirish, chegara o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali tovarlar va xizmatlar harakatini jadallashtirishga erishilmoqda. O‘zaro savdo hajmining izchil o‘sishi iqtisodiy hamkorlikning mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Suv-energetika resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish masalasidagi kelishuvlar ham mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu yo‘nalishda manfaatlar muvozanatini hisobga olgan holda qabul qilinayotgan qarorlar ekologik xavfsizlikni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va sanoat rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Madaniy-gumanitar aloqalarning kengayishi, qo‘shma madaniy tadbirlar, ta’lim va ilmiy almashinuvlar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va anglashuvni yanada mustahkamlamoqda. Bunday hamkorlik nafaqat bugungi avlod, balki kelajak avlodlar uchun ham tinchlik va do‘stlik muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.

Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotining Markaziy Osiyo davlat rahbarlariga topshirilishi mintaqada shakllanayotgan o‘ziga xos tinchlik va hamkorlik modelining xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Bu model kuch ishlatish yoki bosim orqali emas, balki o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda muloqot va kelishuvga asoslanishi bilan ahamiyatlidir.

Mintaqada tinchlikni ta’minlash nafaqat xavfsizlik masalasi, balki barqaror iqtisodiy rivojlanish, investitsiyaviy jozibadorlik va aholi farovonligini oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Shu ma’noda, uch davlat rahbarlarining olib borayotgan siyosati nafaqat milliy, balki mintaqaviy manfaatlarga ham to‘liq mos keladi.

Insonparvarlik, adolat va zo‘ravonlikka qarshi g‘oyalarni targ‘ib etuvchi Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti dunyo hamjamiyatida yuksak nufuzga ega. Uning Markaziy Osiyo davlat rahbarlariga topshirilishi mintaqa tinchligi va barqarorligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi rahbarlarining Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlanishi Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosatning mantiqiy va qonuniy natijasidir.

Ushbu voqea mintaqadagi barcha davlatlar uchun o‘zaro hurmat, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiq qolgan holda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Markaziy Osiyo davlatlari kelgusida ham tinchlik va taraqqiyot yo‘lida birgalikda harakat qilishga qat’iy intilishlarini namoyon etmoqdalar.

TOSHKENT /“Dunyo”AA/.

O‘zbekiston Respublikasi

Odil sudlov akademiyasi

kabinet mudiri

Nizomiddin Ernazarov