Yashirin og‘riq — oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik
Oilaviy zo‘ravonlik bugungi kunda jamiyatdagi dolzarb ijtimoiy muammolardan biri bo‘lib, u oila a’zolariga nisbatan jismoniy, ruhiy yoki jinsiy tazyiq ko‘rsatish shaklida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, ayollar va bolalar oilaviy zo‘ravonlikdan eng ko‘p zarar ko‘ruvchi qatlam hisoblanadi.
Zo‘ravonlik oqibatlari nafaqat statistikada, balki oilalarning yemirilishida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59²-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bo‘yicha 2025-yilning 8 oyi davomida 7 ming 624 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llangan.
Shuningdek, 2025-yil yanvar–avgust oylarida Jinoyat kodeksining 126¹-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 298 nafar shaxs sudlangan bo‘lib, ularning 81 nafari ozodlikdan mahrum etilgan.
2025-yilning 8 oyi davomida oilaviy zo‘ravonlik oqibatida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga nikohni bekor qilish uchun 47 ta ariza berilgan va ulardan 37 tasi qanoatlantirilgan. Bu esa deyarli har besh holatdan to‘rttasida oila yemirilishiga olib keluvchi omillar mavjudligini anglatadi.
📌 Oilaviy zo‘ravonlikning kelib chiqishiga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
— oilaviy nizolar;
— ijtimoiy-iqtisodiy muammolar;
— huquqiy madaniyatning yetarli darajada shakllanmaganligi;
— gender stereotiplari.
Oilaviy zo‘ravonlik holatlarini kamaytirish maqsadida so‘nggi yillarda qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–33-son Farmoni imzolandi.
Mazkur farmonda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish, ularning sonini keskin kamaytirish hamda bunday holatga uchragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etishga qaratilgan muhim vazifalar belgilandi.
Ushbu chora-tadbirlar jamiyatda oila institutini mustahkamlash hamda maishiy zo‘ravonlikning oldini olishga xizmat qiladi.
Boshqa yangiliklar
-
Суд тизимида очиқлик ва самарали коммуникация: махсус ўқув курси ўз ишини бошлади
-
Prezidentimizning yangi Farmoni mamlakatimizda moliyaviy sektorni yangi bosqichga olib chiqadigan hujjat
-
Ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
-
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-martdagi O‘RQ–1121-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
-
Ko‘p kvartirali uy-joy majmualarini qurishda yangi mexanizmlar joriy etiladi