2 Декабрь 2025 154

LINGVISTIK EKSPERTIZADA HAQORATNING KOMMUNIKATIV STRATEGIYASINI BAHOLASH ASOSLARI

Metodologiya. Qarama-qarshi bayonotlar bo‘yicha lingvistik ekspertiza o‘tkazish yondashuvlariga oid ilmiy adabiyotlarda uchta yo‘nalish belgilab berilgan:

1) muallifning nutq harakati nazariyasi doirasida umumiy niyatlarini tahlil qilish, chunki bu borada metodika mavjud emas;

2) haqoratga olib keladigan texnika va usullarni tahlil qilish, haqorat qilish, masxara qilish va haqorat qilishning eng tez-tez uchraydigan taktikalarini tahlil qilish;

3) “haqorat” tushunchasining etnik, psixologik, axloqiy tarkibiy qismlarining murakkab korpusini, haqoratning umumiy konseptual modeli asosida, axloq, axloq normalari, jamiyatdagi inson xatti-harakatlari asosida tahlil qilish, shaxsning xulq-atvori va uning ijtimoiylashuvi natijalari o‘rtasidagi nomuvofiqlikni tahlil qilish;

4) pragmatik maqsadlar uchun “haqorat” tushunchasining baholovchi tarkibiy qismidan foydalangan holda leksik birliklarning semantik korpusi voqelikning buzilishi singari holatlarni aniqlash. Lingvistik ekspertizalarni amalga oshirish jarayonida matnning semantik-stilistik xossalari tekshiriladi. Muayyan til korpusida mavjud ma’lumotlar bazasi asosida matnning lingvistik xarakteri namoyon bo‘ladi.

Xuddi shu ma’noda konfliktli matnda muallif nutqi kommunikativ strategiyasini belgilab olish muhim ahamiyat kasb etadi.

 Haqoratning kommunikativ strategiyasi

 

Dastlabki strategiyaga muvofiq, ishontirish strategiyasi matnda muallifning ikkinchi shaxsni muayyan salbiy bahoga munosib deb ishontirishga urindai. Ikkinchi bosqich, muayyan lingvistik vosita qo’llaniladi, shuningdek, ayrim hollarda matnda yashirin mazmunni aniqlash zarurati ham paydo bo’ladi. Ekspert ushbu ko’rsatilgan jihatlarga alohida diqqat qaratishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 140-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida haqorat qilish bilan bog‘liq holatlar va ularga nisbatan qonuniy javobgarlik ko‘rsatish tartibi keltiriladi. Xususan, Jinoyat kodeksga muvofiq, quyidagi holatlar haqorat sifatida baholanadi va jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi: “Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun jazo tayinlangandan so‘ng sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.

Ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilingan matnlar, SMS-xabarnomalar, shaxsiy yozishmalar, omma oldidagi chiqishlar ko‘rinishidagi ziddiyatli materiallarni tahlil qilish va ularning salbiy (haqoratli) jihatini asoslash muammosi yuzaga keladi. Haqorat holatlarida materiallarni tekshirishda ifoda shaklining lingvistik belgilari, og‘zaki ravishda amalga oshirilgan kommunikativ faoliyatning semantik mazmuni va maqsadi aniqlanadi.

Boshqa sud ekspertizalarida mavjud fakt asosida yakuniy xulosa haqiqatning muayyan dalili bo‘lib xizmat qiladi. Biroq lingvistik ekspertiza orqali chiqarilgan xulosa dalilni oydinlashtirishga yordam beradi. Bu esa sud-tibbiyot ekspertizalaridan farqli ravishda mavjud dalildagi haqiqatni isbotlamaydi, aksincha dalillarni asoslashga yordam beradi. Shuningdek, lingvistik ekspertiza xulosasi yakuniy sud qarori bo‘lolmaydi, balki sud qaroriga asos vazifasini bajarishi mumkin. Masalan, “esipast” so‘zining haqorat yoki haqorat emaslik faktorini aniqlash maqsadida lingvist-ekspert oldiga qo‘yilgan savol tiplari, asosan, quyidagi ko‘rinishda bo‘lishi mumkin:

“Suhbatda “esipast” so‘zi ishlatilganmi?”, “Matnda esipasthaqida ma’lumot bormi?”, “Matnda g‘arazli maqsad bormi?”, “Matnning salbiy oqibati qanday?”, “Matnning haqorat yoki haqorat emasligini semantik jihatdan asoslovchi lingvistik materiallar qaysi?” Lingvist-ekspert suhbatlarning mazmunini va ularning semantik yo‘nalishini belgilaydi, ammo dalillar bundan mustasno. Demak, lingvist-ekspert so‘zning, iboraning va ifodaning kontekstual ma’nosini faol nutqda va aniq foydalanish doirasida aniqlaydi.

G.V.Kusov haqorat mazmunidagi matnlar bo‘yicha olib boriladigan lingvistik ekspertizalarda uchta jihatni asoslaydi:

1) muallifning nutq akti doirasida ko‘zlagan maqsadlarini tahlil qilish. Bunda texnik jihatlarga e’tibor qaratilmaydi. Nutq aktining maqsadli yo‘naltirilganligi inobatga olinadi;

2) haqoratga olib keladigan holat va usullarni tahlil qilish, xususan, haqorat qilish, masxaralash va bu holatning takrorlanish chastotasi;

3) etnik, psixologik, axloqiy jihatlarga bog‘liq ravishda haqorat xususiyatlari. Ushbu keltirilgan jihatlarni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, haqorat jamiyatdagi odamlarning xatti-harakatlari, bir so‘z bilan aytganda, o‘zaro kommunikativ faoliyatdagi axloq qoidalariga zid nomuvofiqliklarni tahlil qilishdir. Davlat va nodavlat tashkilotlarida lingvistik ekspertizalarni amalga oshirishda tizimli ish yuritish talab qilinadi:

1)yuridik norma talabiga rioya qilish (lingvistik ekspertiza yuridik malakani o‘z ichiga olmaydi); 2) tilning ko‘p funksionalligini hisobga olish, masalan, salbiylik va maqsadli yo‘nalganlik ottenkasidan xoli oddiy nutq akti ham informatsiyani qabul qiluvchining psixologik holatiga ko‘ra, haqorat, tahqir, kamsitish tariqasida qabul qilinishi mumkin; 3) ekspertiza og‘zaki buzg‘unchilik strategiyasini misollar bilan ko‘rsatishi kerak. Haqoratga qanday yo‘l bilan yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatish; 4) ekspert ekspertiza mavzusini to‘g‘ri belgilashi kerak, ya’ni ekspertizaning haqiqiy lingvistik qismini qonuniy qismdan ajratish shaxsni obro‘sizlantirish-tuhmat(O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi) – sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, yolg‘on ma’lumot tarqatish orqali boshqa shaxsning shaxsiyatiga daxl qilish (lingvistik tarkibiy qism); haqorat(O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi) – nomaqbul shaklda (huquqiy tarkibiy qism) ifodalangan boshqa shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish (lingvistik tarkibiy qism); bezorilik (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi) – fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik yoki uni ishlatish bilan tahdid qilish orqali ifoda etilgan jamiyatga nisbatan aniq hurmatsizlik namoyishi (lingvistik komponent, ya’ni jamiyat ishtirokchilariga haqoratli ta’sir); (huquqiy tarkibiy qism); shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini (lisoniy tarkibiy qism) o‘z xizmat vazifalarini bajarishga nisbatan haqorat qilish (huquqiy tarkibiy qism); kamsitish (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi) – jabrlanuvchi shaxsiyatiga qaratilgan kamsitish, tahqir elementlarining matn tarkibida mavjudligi va ma’no ifodasi(lingvistik qism), kamsitish natijasida shaxsga yetkazilgan ma’naviy va jismoniy zarar(huquqiy tarkibiy qism); obro‘sizlantirish (O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, 192-modda); shaxsni obro‘sizlantirishga qaratilgan nutq aktida ishtirok etuvchi leksik birliklarning semantik tabiatini o‘rganish (lingvistik tarkibiy qism); agarda ishlatilgan leksik birlik shaxs sha’ni, obro‘siga putur yetkazishga maqsadli ravishda qaratilgan bo‘lsa (yuridik tarkibiy qism), vaziyatni baholash.

Xulosa o‘rnida mutaxassis tomonidan bahsli matnning chuqur va emotsional tahlil qilinishi lozimligini taʼkidlab, shuni qayd etish kerakki, obroʻsizlantiruvchi nutq strategiyasini amalga oshirish oʻz-oʻzidan matnda obroʻsizlantiruvchi maʼlumotlar, jumladan, yolgʻon maʼlumotlar mavjud, degani emas. Albatta, mutaxassis, ilmiy asos, mantiq, huquqiy asoslardan boshqa hech qanday tuyg‘ularga yoki o‘zining subyektiv qarashlariga asoslanmasligi zarur. Ekspert tomonidan amalga oshirilgan xulosa rad etilishi, e’tirozli holat yuzaga kelganda bu xulosa qayta ko‘rib chiqilishini ham inobatga olgan holda ish koʻrishi talab etiladi.

 

Nilufar NAJMIDDINOVA

X.Sulaymonova nomidagi RSEM bosh mutaxassisi,

 filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech