Oilaviy nizolar bo‘yicha mediatsiya: Yaponiya tajribasi
Yaponiyada oilaviy nizolarni hal qilishda mediatsiya (yaponcha: chōtei) sud tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Mamlakatimiz oila qonunchiligidan farqli ravishda yapon qonunchiligida ayrim toifadagi oilaviy nizolarni sudgacha mediatsiya tartibida ko‘rib chiqish majburiy hisoblanadi. Bu tizimning asosiy maqsadi oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarni imkon qadar saqlab qolish va ixtilofni murosaga keltirish orqali hal qilishdir.
Oilaviy munosabatlarni tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, Yaponiyada oilaviy munosabatlar Fuqarolik kodeksi (Civil Code of Japan) bilan tartibga solinadi. Yaponiyada “Oilaviy munosabatlar bo‘yicha ish yuritish to‘g‘risida”gi Qonun (Domestic Relations Case Procedure Act) oilaviy nizolar bo‘yicha mediatsiyaning huquqiy asosini tashkil qiladi. Mazkur Qonun 2011 yilda qabul qilingan va 2013 yildan kuchga kiritilgan bo‘lib, oilaviy ishlar bo‘yicha sud tartib-taomillarini belgilaydi. Xususan, Qonun oilaviy nizolar bo‘yicha mediatsiya (chōtei) jarayoni, sud muhokamasi tartibi, bolalar vasiyligi va ota-ona huquqlari bilan bog‘liq ishlar, meros va qarindoshlik munosabatlari bo‘yicha protsessual tartibni belgilaydi.
Moddiy normalar esa asosan Fuqarolik kodeksi (Civil Code of Japan)da aks ettirilgan. Yaponiya Fuqarolik kodeksi oilaviy ishlar bo‘yicha sud tartib-taomillarini belgilaydi va mediatsiyani asosiy bosqich sifatida huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.
O‘zbekiston qonunchiligida ham turli sohalarda mediatsiya huquqiy jihatdan mustahkamlangan, biroq yapon qonunchiligida nazarda tutilgan oilaviy nizolar bo‘yicha mediatsiyaning o‘zi xos xususiyati uni majburiy ekanligida bo‘lib, agar taraflar mediatsiya orqali kelishuvga erisha olmasagina, ish sud muhokamasiga o‘tadi.
Bu jarayonlar Yaponiyada 1949 yildan faoliyat yuritib kelayotgan oilaviy sudlar (Family Court of Japan) tomonidan amalga oshiriladi. Mediatsiya jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, dastlab taraflardan biri oilaviy sudga mediatsiya to‘g‘risida ariza beradi. Mediatsiya jarayoni bir nafar sudya va ikki nafar mediatsiya maslahatchisi (mediator)dan iborat mediatsiya qo‘mitasi tomonidan yopiq tartibda o‘tkaziladi, taraflar bilan dastlab alohida xonalarda suhbat o‘tkazilib, keyin kelishtirish amalga oshiriladi. Mediatsiya natijasida kelishuvga erishilsa, u sud qarori kuchiga ega bo‘ladi.
Oilaviy mediatsiyaning yapon modeli sud tizimiga integratsiya qilinganligi, oilaviy murosaga asoslanganligi, maxfiylikni ta’minlanishi va mediativ kelishuvni yuridik kuchga ega ekanligi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Yaponiyada sudgacha mediatsiya jarayonida taxminan 55% ishlar kelishuv bilan yakunlanadi, ya’ni taraflar sud muhokamasisiz kelishishadi.
Yaponiyaning bu tajribasi oilaviy nizolar bo‘yicha mediatsiya tizimi samarali va institutsionallashgan mexanizm ekanligini amalda isbotladi. Mazkur tizim oilaviy munosabatlarda keskin ziddiyatlarni yumshatishga, bolalar manfaatlarini himoya qilishga va sud yukini kamaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda mediatsiya umumiy tartibda “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Oilaviy munosabatlar esa Oila kodeksida mustahkamlangan. Amalda oilaviy nizolarda mediatsiya qo‘llanishi mumkin, lekin u Yaponiyadagidek institutsionallashgan va majburiy bosqich sifatida yo‘lga qo‘yilmagan. Yaponiyaning mazkur tajribasi mamlakatimiz oila qonunchiligiga tadbiq etilsa, jamiyatimizda oilalarni saqlab qolish, boshqa turdagi oilaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish tubdan yaxshilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi
Odil sudlov akademiyasi
Fuqarolik-huquqiy fanlar
kafedrasi v.b.dotsenti, yu.f.f.d.(PhD) E.K.Sabirov
Boshqa yangiliklar
-
Odil sudlov akademiyasida Xalqaro yuristlar komissiyasi (ICJ) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
-
Toshkentda 10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kuniga bag‘ishlangan tantanali uchrashuv bo‘lib o‘tdi
-
Adolat yo‘lida yangi qadam: O‘zbekistonda Ayol sudyalar assotsiatsiyasi tashkil etildi
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
-
Sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro tajriba ta’lim va tadqiqot jarayonlarida qo‘llaniladi