Bo'limlar
Qambaraliyev A'zamjon Rasuljon o'g'li
Bosh mutaxassis
Tarkibiy bo'linma: Axborot-resurs markazi
Ilmiy daraja: -
Telefon: (55) 501-01-88
Elektron pochta: a.qambaraliyev@sudacademy.uz
Markaz haqida
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining Axborot-resurs markazi Akademiyaning ta’lim, ilmiy-tadqiqot va amaliy faoliyatini zarur axborot-kutubxona resurslari bilan ta’minlash, zamonaviy ilmiy va huquqiy manbalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kutubxona xizmatlarini izchil rivojlantirishga xizmat qiluvchi tarkibiy bo‘linma hisoblanadi.
Markaz faoliyati Akademiya professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari, doktorantlari, mustaqil izlanuvchilari va xodimlarining o‘quv, ilmiy hamda kasbiy axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan.
Asosiy maqsad va vazifalar
Axborot-resurs markazining asosiy maqsadi Akademiyada zamonaviy va samarali axborot-kutubxona muhitini shakllantirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini sifatli axborot resurslari bilan ta’minlash hamda foydalanuvchilarning milliy va xalqaro ilmiy manbalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Markazning asosiy vazifalari:
— Akademiyaning ta’lim va ilmiy faoliyatiga mos o‘quv, ilmiy, ilmiy-amaliy, uslubiy va boshqa adabiyotlarni jamlash hamda kutubxona fondini muntazam boyitib borish;
— professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va boshqa foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmatlarini ko‘rsatish;
— zamonaviy milliy va xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
— elektron axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini rivojlantirish;
— ilmiy-tadqiqot faoliyatini axborot va bibliografik jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
— kutubxona fondini tizimli ravishda rivojlantirish, hisobga olish va saqlash;
— Axborot-resurs markazi faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda foydalanuvchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish.
Rivojlanish bosqichlari va erishilgan natijalar
2026-yilda Axborot-resurs markazini zamonaviy ilmiy va elektron axborot resurslariga ega markaz sifatida rivojlantirish, uning fondini boyitish hamda Akademiya foydalanuvchilarining xalqaro ilmiy axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda Akademiyaning media.natlib.uz, natlib.uz, diss.natlib.uz va press.natlib.uz elektron axborot resurslaridan foydalanish imkoniyati ta’minlandi.
Shuningdek, EBSCO, ProQuest, Oxford University Press, PressReader, EastView, CNKI, Emerald Publishing, Wiley hamda EIFL xalqaro konsorsiumining litsenziyali dasturi orqali ACM Digital Library, Royal Society Journals Collection, IWA Publishing Journals, European Respiratory Journal, Edward Elgar Publishing, Mathematical Sciences Publishers Journals va e-Duke Journals Scholarly Collection kabi xalqaro elektron ilmiy resurslardan foydalanish imkoniyatlari yaratildi.
Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi bilan hamkorlik doirasida Akademiyaning “Springer Nature” xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yildi.
Kutubxona fondini boyitish
Axborot-resurs markazi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri Akademiyaning ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlariga mos adabiyotlar fondini muntazam boyitib borish hisoblanadi.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik amalga oshirildi.
Jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan imzolangan memorandum doirasida Akademiyaga 66 turdagi 196 dona kitob taqdim etildi.
2025-yil oktabr oyidan 2026-yil 1-iyulga qadar turli tashkilotlar hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari va xodimlari tomonidan taqdim etilgan jami 177 turdagi 415 dona kitob, shu jumladan darsliklar, o‘quv, amaliy va uslubiy adabiyotlar hamda 6 turdagi 29 dona jurnal Axborot-resurs markazi fondiga qabul qilindi.
Milliy va xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalari
Axborot-resurs markazida foydalanuvchilarning zamonaviy ilmiy axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Amalga oshirilgan hamkorlik ishlari natijasida Markazda qariyb 40 ta milliy va xalqaro elektron axborot bazasidan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, Akademiya tadqiqotchilarini ochiq xalqaro ilmiy resurslar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida J-STAGE, J-Global, DOAJ, arXiv, OpenAIRE, Google Scholar, Academia.edu, BASE va PubMed kabi ilmiy platformalardan foydalanish bo‘yicha tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur resurslar ilmiy maqolalar, dissertatsiyalar, patentlar, ilmiy jurnallar va boshqa tadqiqot materiallarini izlash hamda ulardan ilmiy faoliyatda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ilmiy-tadqiqot faoliyatini axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlash
Markaz nafaqat kutubxona fondini shakllantirish, balki Akademiya professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va mustaqil izlanuvchilarining xalqaro ilmiy axborot resurslaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
2026-yil 15-may kuni Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi bilan hamkorlikda “Odil sudlovda elektron xalqaro bazalar bilan ishlash amaliyotini rivojlantirish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-trening davomida Akademiya xodimlariga Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan ilmiy jurnallar uchun maqolalar tayyorlash va nashr etish, Xirsh indeksini (h-index) oshirish omillari, ilmiy ijtimoiy tarmoqlar va akademik metrikalardan samarali foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, 2026-yil 19-iyun kuni Akademiya professor-o‘qituvchilari uchun “Odil sudlov akademiyasi Axborot-resurs markazi imkoniyatlari” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. 2026-yil 25-iyun kuni Sudyalar oliy kengashi va Odil sudlov akademiyasiga tashkil etilgan press-tur doirasida ommaviy axborot vositalari vakillariga ham Markazning imkoniyatlari taqdim etildi.
Hamkorlik
Axborot-resurs markazi o‘z faoliyatini rivojlantirishda milliy va xalqaro hamkorlikka alohida ahamiyat beradi.
2026-yilning birinchi yarmida Markaz faoliyati doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Innovatsion rivojlanish agentligi va uning huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti va boshqa davlat organlari hamda muassasalari bilan hamkorlik ishlari amalga oshirildi.
Umuman, mazkur davrda 11 ta davlat organi va muassasasi bilan hamkorlik doirasida tegishli ishlar olib borildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida V.B. Lebedev nomidagi Rossiya davlat odil sudlov universiteti tomonidan “Российское правосудие” jurnalining tegishli sonlari Markaz fondiga taqdim etildi.
Ustuvor yo‘nalishlar
Axborot-resurs markazi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari:
— Akademiyaning ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga mos zamonaviy yuridik adabiyotlar fondini muntazam boyitib borish;
— elektron axborot-kutubxona resurslarini rivojlantirish;
— xalqaro ilmiy va huquqiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
— doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va professor-o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlarini axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
— milliy va xorijiy kutubxonalar, ilmiy markazlar hamda ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
— xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalaridan samarali foydalanish bo‘yicha foydalanuvchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish.
Kelgusidagi ustuvor vazifalar va istiqbolli rejalar
Kelgusida Axborot-resurs markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, Akademiyaning zamonaviy ilmiy-axborot infratuzilmasini rivojlantirish va foydalanuvchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish rejalashtirilgan.
Xususan:
— kutubxona fondini yangi avlod darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy va ilmiy-amaliy adabiyotlar bilan muntazam boyitish;
— elektron resurslar fondini kengaytirish;
— milliy va xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalariga ulanish imkoniyatlarini yanada oshirish;
— xalqaro ilmiy nashriyotlar, kutubxonalar va ilmiy-axborot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
— Akademiya professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari uchun xalqaro ilmiy bazalardan foydalanishga bag‘ishlangan seminar va treninglarni muntazam tashkil etish;
— axborot-kutubxona xizmatlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirib borish;
— ta’lim, ilmiy-tadqiqot va amaliy faoliyat uchun zarur axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
Axborot-resurs markazini zamonaviy ilmiy va huquqiy bilimlar makoni sifatida rivojlantirish, Akademiyada olib borilayotgan ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini ishonchli axborot resurslari bilan ta’minlash Markazning asosiy strategik yo‘nalishi bo‘lib qoladi.