Yangiliklar

...

2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”: islohotlarning yangi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mamlakat taraqqiyotida mahalla institutiga berilgan strategik ahamiyatning yaqqol ifodasidir. Mazkur yil doirasida mahallani faqatgina hududiy boshqaruv bo‘g‘ini sifatida emas, balki jamiyatning ijtimoiy, ma’naviy va iqtisodiy tayanch instituti sifatida rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Aholining dardu tashvishini joyida hal etish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolik faolligini oshirishda mahallaning mas’uliyati yanada kengayishi ta’kidlandi. 2026 yildan boshlab mamlakat bo‘ylab 9 mingdan ortiq mahallada infratuzilmani tubdan yaxshilash rejalashtirilgan bo‘lib, yo‘llar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, jamoat transporti, ta’lim va sog‘liqni saqlash ob’ektlari hamda yashil hududlar bir butun tizim sifatida yangilanadi. Bu ishlar parchalangan holda emas, balki kompleks yondashuv asosida amalga oshirilib, mahallalardagi asosiy muammolarni bir vaqtning o‘zida hal etishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, har bir viloyatda 2–3 tadan tuman tanlab olinib, ulardagi barcha mahallalar to‘liq qayta quriladi, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi rivojlantiriladi hamda ushbu maqsadlar uchun 8,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Murojaatnomada mahalliy vakillik organlarining roliga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahallalarni obodonlashtirishda deputatlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir saylov okrugiga 500 mlrd so‘m, har bir deputat tashabbusiga esa qo‘shimcha 330 mln so‘m ajratilishi belgilandi. Bu orqali mahalliy muammolarni joyida hal etish, aholi manfaatlarini to‘liqroq ifoda etish va deputatlarning javobgarligini oshirishga erishiladi. 2026 yildan tuman byudjetlarini mustaqillashtirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar mahalliy moliyaviy boshqaruvda tub burilish yasaydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumining ma’lum qismi hududlarda qoldirilishi, rejadan ortiq tushgan daromadlarning 50 foizini tuman byudjetlariga o‘tkazish, yer ijarasi va bozorlardan tushgan daromadlarni mahalliy darajada saqlab qolish orqali tuman byudjetlarida taxminan 5 trln so‘mlik qo‘shimcha manbalar shakllanadi. Mazkur mablag‘lar bevosita mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va aholining kundalik muammolarini hal etishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2026 yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatlarga ajratilishi belgilandi. Ushbu mablag‘lar ish o‘rinlari yaratadigan, aholining daromadini oshirishga xizmat qiladigan aniq va manzilli loyihalarga yo‘naltirilib, byudjet mablag‘larining loyiha asosida sarflanishi samaradorlik va shaffoflikni ta’minlaydi. “Mahallada sanoat va xizmat” dasturi doirasida 10 mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish, 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish hamda 360 ming nafar aholini band qilish rejalashtirilgani mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Jamiyatni yuksaltirish iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda inson kapitaliga investitsiya kiritishni ham talab etadi. Shu bois mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish, ayniqsa xotin-qizlarni jismoniy faollikka jalb etish uchun 1 trln so‘m ajratilishi, shuningdek, yoshlar kitobxonligini oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million nusxa badiiy kitob bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mahalla tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli yechimlarni joriy etish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish orqali jamiyat barqarorligi va aholi farovonligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Xulosa qilib aytganda, 2026 yilga shunday nom berilishi mahallaning davlat va jamiyat o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi rolini mustahkamlab, fuqarolarning faol ishtirokiga tayanadigan adolatli, ochiq va taraqqiy etgan jamiyatni barpo etishga qaratilgan strategik qaror ekanini anglatadi.   Foziljon Otaxonov, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori  
Batafsil
...

Sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash - davr talabi

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida barcha davlat organlari faoliyatida demokratik tamoyillarni joriy etish, ularni yangi jamiyatning shiddatli islohotlari talablariga moslashtirish, zamonaviy tendensiyalar asosida ish samaradorligini ko‘tarishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat hokimiyatining alohida mustaqil, muqim tarmog‘i bo‘lgan sud organlari faoliyatini tubdan demokratlashtirish, ochiq va shaffof tartib-taomillar asosida rivojlantirish maqsadida 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va unda belgilangan yangi vazifalar yuqorida aytib o‘tganimizdek, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsiplarni ta’minlashning mantiqiy davomi bo‘ldi. Farmonning amaliy ahamiyati shundaki, sudlar faoliyatini tashkil etish va uni boshqarish, sudyalar mustaqilligini amalda ta’minlash jarayonida muayyan vakolatlarga ega hamda bir-biridan o‘zaro mustaqil bo‘lgan sudyalar hamjamiyati organlarining o‘rni va rolini kengaytirishning huquqiy asoslari takomillashuviga olib keladi. Shu bilan birga, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati bilan bog‘liq xalqaro hujjatlarda belgilangan ilg‘or demokratik tamoyillarning milliy qonunchilikka singdirilishini ta’minlaydi. Har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy ko‘nikmalarga ega, malakali sudya kadrlarni tayyorlash, ular orasidan eng munosiblarini tanlash va sudyalik lavozimlariga tayinlashning ochiq, oshkora va shaffof mexanizmlarini joriy etish imkoniyatlarini oshiradi. Umuman, sudyalar hamjamiyati organlarining faoliyatini tartibga soladigan milliy qonunchilikni yangi, progressiv normalar bilan boyitib, ish dinamikasini oshiradi. Biz uchun eng muhimi, Farmonda belgilangan vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi professor-o‘qituvchilari jamoasiga ham bir qator mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Xususan, sud mustaqilligiga oid ilg‘or standartlarni joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bo‘limning tegishli bandida sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash vazifasi qo‘yilgan. Bu akademiyaning asosiy maqsadi, ya’ni bo‘lajak sudyalarni tayyorlash bo‘yicha olti oylik o‘quv kurslarida tahsil olayotgan tinglovchilar (bo‘lajak sudyalar)ning, shuningdek, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash jarayonida ularning axloqiy yuksalishi, qalban ulg‘ayishi, vijdonan poklanishi, sudyaning ma’naviy kamolotini ta’minlovchi yangi, zamonaviy va ta’sirchan o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va tizimli joriy etishni taqozo qiladi. Buning uchun akademiyadagi har bir kafedra, har bir o‘qituvchi o‘zining kundalik faoliyatida yangicha yondashuv, ilmiy va pedagogik izlanishlar olib borishi lozim. Ayniqsa, Kasbiy ko‘nikmalar kafedrasi o‘qituvchilari yuksak axloqiy-irodaviy hamda kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini ta’minlashga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash samaradorligini oshirishga amaliy ta’sir ko‘rsatadigan metodikalarni ishlab chiqishi va amaliyotga tatbiq etishi maqsadga muvofiq. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada oldimizga qo‘yilgan yana bir muhim vazifa borki, bu bugungi kunda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish bilan izohlanadi. Shu ma’noda, o‘z sohasini yaxshi bilmaydigan, puxta kasb va hayot tajribasiga, yuksak ma’naviy-axloqiy saviyaga ega bo‘lmagan yurist kadrlar hech qachon sudya lavozimiga tayinlanmasligi, avvalo, Odil sudlov akademiyasi faoliyati samaradorligi bilan chambarchas bog‘liq, albatta. Shundan kelib chiqib, bugungi jamiyatda sudyalarning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirishning yangi metodologiyasini ishlab chiqish bilan bog‘liq tadqiqotlarga bo‘lgan zaruriyat tobora kuchayib borayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Tabiiyki, ushbu zaruriyat sohada chuqur ilmiy-amaliy va nazariy yondashuvlar asosida fundamental tadqiqotlar olib borishni, qolaversa, sudyalarni tayyorlash jarayonida kasbiy bilim hamda ko‘nikmalari bilan birgalikda, ularning ma’naviy kamolotiga alohida e’tibor qaratishni talab etadi. Hujjatda sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish borasida yangi vazifalar ham nazarda tutilgan. Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normalarini sud mustaqilligiga oid xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish masalalari shular jumlasidan. Bu ham akademiyaning sud sohasida yuksak malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish zaruriyatini vujudga keltiradi. Buning uchun Odil sudlov akademiyasi sud tizimida zamonaviy fikrlaydigan, halol va yuksak salohiyatli yangi avlod sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilashi shart. Akademiya tinglovchilariga sudning barcha yo‘nalishi — fuqarolik, jinoyat, ma’muriy yoki iqtisodiy ishlarni ko‘rishda haqiqiy holatni aniqlashi va amaldagi qonunlar asosida huquqiy baho berishi, o‘z qarorining nafaqat qonuniy va asoslantirilganligiga, balki adolatliligiga ham e’tiborli bo‘lishi zarur. Ana shundagina, jamoatchilikning sud organlariga nisbatan ishonchi ortib, jamiyatda sud chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylanadi. Umuman, mazkur Farmon va unda belgilangan vazifalar akademiyada o‘tkaziladigan o‘quv jarayonlarini yangi jamiyat qo‘yayotgan yuksak talablar — zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan amaliyotda foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, sud faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan to‘la ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazishning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi. Pirovard natijada sudyalarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish darajasi yangi bosqichga olib chiqilib, milliy sud tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, malakali va ma’naviy yetuk sudyalar korpusining shakllanishida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.   Sherzod Abduqodirov, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori, yuridik fanlari doktori(Manba: "Xalq so‘zi" gazetasi, 2025 yil 8 dekabr.)  
Batafsil
...

Samaradorlik va shaffoflik yo‘lida

2025 yil 24 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, kadrlar tanlovi va tayinlash jarayonlarining ochiqligini kuchaytirishga qaratilgan muhim Farmonni imzoladi. Ushbu hujjat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar amalga oshirilishida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Farmonda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini kuchaytirish, sudyalar korpusini shakllantirishda shaffof va aniq mezonlarga tayanish, nomzodlarni tanlash jarayonlariga ochiqlikni keng joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Shuningdek, sud tizimida gender tengligini ta’minlash maqsadida ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Sudyaning almashtirilmasligi tamoyilini qonunchilikka kiritish yuzasidan qator muhim takliflar ma’qullandi. Jumladan: sudyalar avval 5 yillik muddatga, keyin esa muddatsizasosda tayinlanishi; rahbar va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlari bo‘yicha nomzodlar sudyalar orasida ochiq tanlov asosida saralanishi; “halollik”, “kasbiy layoqat” va “odob qoidalariga rioya qilish” kabi asosiy mezonlar qonun darajasida belgilandi. Endilikda Kengashning doimiy asosda ishlovchi sudyalari: Oliy suddan – 2 nafar, viloyat bosqichidagi sudlardan – 7 nafar, tuman va shahar sudlaridan – 4 nafar sudyadan iborat bo‘ladi. Nomzodlarning barchasi sudyalar malaka hay’atlari tomonidan tavsiya etiladi. Kengashning jamoatchilik asosidagi a’zolari esa ilmiy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tavsiyasi bilan shakllantiriladi. 2025 yil 15 dekabrdan boshlab Kengashning rasmiy veb-saytida: sud tizimida bo‘sh turgan barcha lavozimlar, ularni egallash tartiblari, nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayonlarining har bir bosqichi ochiq e’lon qilib boriladi. Bundan tashqari, nomzodlardan ortiqcha hujjatlar talab qilish amaliyoti tugatiladi, Kengashning axborot tizimi idoralararo baza bilan to‘liq integratsiya qilinadi. Farmonga muvofiq: sudyalar ish faoliyati samaradorligini baholashda sun’iy intellektdan foydalaniladi; nomzodlarning psixologik portretini baholash elektron platforma orqali amalga oshiriladi; Kengash majlislarida ovoz berish va qaror qabul qilish jarayonlari raqamlashtiriladi. Kengashga 4 ta qo‘shimcha shtat birligi ajratilib, uning umumiy shtati 32 ta qilib belgilandi. Kengash, Oliy sud va Bosh prokuratura adolatsiz hukm va qarorlar uchun javobgarlikni xalqaro mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish, Kengash a’zolari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilash bo‘yicha tahliliy material tayyorlaydi. Shu bilan birga, sudyalarga nisbatan intizomiy ish yuritishda ularning himoya huquqi kafolatlanadi, intizomiy jazolarning aniq mezonlari belgilanadi va jazo amalda bo‘lgan vaqtda yuqori lavozimlarga tavsiya etish taqiqlanadi. Farmonga muvofiq: Odil sudlov akademiyasiga qabulda xotin-qizlar uchun alohida kvota belgilanishi mumkin; O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasi tuzilishi uchun tashabbus qo‘llab-quvvatlandi; Akademiyada o‘qituvchi sifatida ishlagan sudyalar faoliyat tugagach, o‘z lavozimiga qayta olish huquqiga ega bo‘ladi. Mazkur Farmon sudyalar mustaqilligi va sud-huquq islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, sudyalar hamjamiyati organlarining professional va institutsional samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.   Nizomiddin Ernazarov, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi Kabinet mudiri
Batafsil
...

Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari Milliy kutubxonada!

Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari Milliy kutubxonada!O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF–141-sonli Farmoni  belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari bugun, 18-oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida tinglovchilar kutubxonaning boy tarixi, faoliyati hamda raqamlashtirilgan ilmiy-ma’naviy resurslari bilan yaqindan tanishdilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan batafsil ma’lumotlar tinglovchilarda yurtimiz ilmiy-ma’naviy merosiga nisbatan chuqur hurmat va qiziqish uyg‘otdi. Bu tashrif tinglovchilarning ma’naviy yetukligi va intellektual salohiyatini oshirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Batafsil
...

Odil sudlov akademiyasi rasman faoliyat boshladi Bugun O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashtizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashkil etilgan Odil sudlov akademiyasi sud-huquq tizimida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi. Aytish mumkinki, sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali sudyalar korpusini shakllantirishning yangi davri boshlanmoqda.  Sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash,  interfaol o‘qitish uslublari va ilg‘or axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan  foydalanish orqali ularda kasbiy va madaniy ko‘nikmalar shakllantirish Akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Shuningdek,  sud faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlash, fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar o‘tkazish, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash va sudyalar malakasini oshirishga ixtisoslashgan xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham mazkur ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasining asosiy vazifalari sifatida belgilangan. Odil sudlov akademiyasi ochilishi tadbirida mamlakatimiz sud tizimi mutasaddilari, davlat va jamoat arboblari, sud faxriylari, shuningdek, Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston va Ozarbayjon davlatlarining sudyalar hamjamiyatlari yetakchilari, ixtisoslashgan ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etib, izchil davom etayotgan sud-huquq islohotlari va ularning amaliy natijalari e’tirof etildi. Istiqboldagi vazifalar va ularning ijrosi xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, akademiyada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Shu kunning o‘zida Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikalarining sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash va sudyalar malakasini oshirishga ixtisoslashgan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan anglashuv memorandumi imzolandi. Bugungi tadbirning uzviy davomi sifatida ertaga “Yangi O‘zbekistonda malakali sudyalar korpusini shakllantirish: islohotlar samaradorligi va rivojlanish istiqbollari” mavzuida xalqaro konferensiya  bo‘lib o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, 2025/2026 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash o‘quv kurslariga 164 nafar tinglovchi qabul qilingan bo‘lib, ular jinoyat huquqi, fuqarolik huquqi hamda ma’muriy va iqtisodiy huquq yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oladi.
Batafsil