Korrupsiyaga qarshi kurashish: yangi bosqich, yangi huquqiy normalar tahlili
Korrupsiyaga qarshi kurashish zamonaviy davlatchilikning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanib, bu – huquqiy tartib-taomillarning doimiy takomillashtirilib borilishini taqozo etadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish zamonaviy davlatchilikning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanib, bu – huquqiy tartib-taomillarning doimiy takomillashtirilib borilishini taqozo etadi.
Shu bois O‘zbekiston taraqqiyotining sifat jihatidan mutlaqo yangi bir bosqichi boshlangach, shiddatli tus olgan yangi demokratik islohotlar jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi ham tubdan yangilandi.
Ayniqsa, uning huquqiy asoslarini yangi jamiyat talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirishga qaratilgan amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi va milliy qonunchilik tarixida ilk bor “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (2017 yil 3 yanvar) qabul qilindi.
2026 yil 9 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Sudlarda komplaens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni esa, bu boradagi nihoyatda muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri sifatida mamlakatimiz odil sudlov tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi zamonaviy huquqiy mexanizmlarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan yangi konseptual g‘oya va yo‘nalishlarni belgilab berdi...
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi 2026 yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik va chidamlilik, immunitet shakllangan darajasini to‘liq diagnostikadan o‘tkazish vazifasi nazarda tutildi.
Bugungi kunda ushbu muhim vazifaning ijrosini samarali ta’minlash maqsadida Odil sudlov akademiyasida sohani chuqur biladigan mutaxassislar jalb qilinib, bu boradagi milliy va xorijiy tajriba qiyosiy tahlili asosida tegishli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, sudyalar, sudlar apparati xodimlarining korrupsiyaga qarshi barqarorlik va chidamlilik darajasini diagnostikadan o‘tkazish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
O‘rni kelganda, 2026 yil 22 iyunda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1155-son Qonuni va unda belgilangan huquqiy normalar, ularning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.
Avvalo alohida ta’kidlash joizki, mazkur Qonun o‘z mohiyatiga ko‘ra kompleks xarakterga ega bo‘lib, bir qator tarmoq qonunlariga bir vaqtning o‘zida o‘zgartishlar kiritilganligini nazarda tutadi.
Qonunning eng asosiy huquqiy ta’siri, o‘rni va roli quyidagilarda o‘zining ifodasini topadi:
birinchi marta “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga Jinoyat kodeksida aniq kodifikatsiya qilindi;
davlat organlari komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari alohida normativ-huquqiy hujjat orqali tashkil etildi; elektron reestr orqali korrupsiyaga oid jinoyatda aybdor deb topilgan shaxslarni hisobga olish mexanizmi joriy qilindi;
yoshlar tarbiyasida va ta’lim tizimida korrupsiyaga murosasizlik mafkurasini shakllantirish majburiy tarzda belgilandi, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritilib, korrupsiya jinoyatlari tarkibi kengaytirilib, jazo choralarini kuchaytirildi.
Qonunga ko‘ra, jinoiy javobgarlikning muqarrarligi prinsipini amalga oshirishning konkret vositasi sifatida va yagona tartibda kuchaytirilgan javobgarlikni belgilash maqsadida endilikda:
o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik (Jinoyat kodeksi 167-modda) va firibgarlik (Jinoyat kodeksi 168-modda) uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyatni tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxslarga;
takroran yoki xavfli residivist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda: pora olish (Jinoyat kodeksi 210-modda), pora berish (Jinoyat kodeksi 211-modda) va pora olish-berishda vositachilik qilish (Jinoyat kodeksi 212-modda) jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tayinlangan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi qo‘llanilmasligi va bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar jazoni oxirigacha o‘tashi belgilandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksi 167-moddaga kiritilgan o‘zgartirishlar jinoyatning kvalifikatsiya belgilarini tizimlashtirish xususiyatiga ega bo‘lib, ikkinchi qism dispozitsiyasi mazmunan yangilanib “v“ bandi “bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa“ deb belgilandi, uchinchi qism dispozitsiyasiga esa “d“ bandi qo‘shilib “mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa“ bandi bilan og‘irlashtiruvchi qism sifatida to‘ldirildi.
Jinoyat kodeksi 168-moddaga juda muhim o‘zgartirish kiritildi: uchinchi qism dispozitsiyasiga “v“ band “axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa“ degan tarkib etib belgilandi, to‘rtinchi qism dispozitsiyasiga esa “g“ bandi “xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa“ belgisi bilan og‘irlashtiruvchi qism sifatida to‘ldirildi.
Sanksiya jihatidan esa Jinoyat kodeksi 168-moddaga “muayyan huquqdan mahrum etilgan holda“ degan so‘zlar uchinchi qism sanksiyasidan chiqarib tashlandi, to‘rtinchi qism sanksiyasiga esa “jarima yoki” degan so‘zlardan keyin “muayyan huquqdan mahrum etilgan holda” degan so‘zlar qo‘shildi. Bu sanksiya tizimini mantiqiylashtiradi va sudning jazo tayinlashdagi odillik mezonini ta’minlaydi.
Shuningdek, korrupsiya jinoyatlar turi uchun nazarda tutilgan nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (19210-modda), davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (Jinoyat kodeksi 213-modda) va davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi (Jinoyat kodeksi 214-modda) jinoyatlari sanksiyasiga muhim o‘zgartish kiritilib, moddalar sanksiyalaridagi jazo turlariga “bir yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan jazo turi qo‘shildi.
Jinoyat huquqi nazariyasi nuqtai nazaridan sanksiyani kengaytirish sudning individuallashtirish prinsipini amalga oshirishini osonlashtiradi. Oldin faqat jarima yoki axloq tuzatish ishlari nazarda tutilgan bo‘lsa, endi sud aybdorning shaxsi, aybning og‘irligi va vaziyatga qarab ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini ham tayinlashi mumkin.
Shuningdek, nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish (Jinoyat kodeksi 19211-modda), hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (Jinoyat kodeksi 205-modda), hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (Jinoyat kodeksi 206-modda), hokimiyat harakatsizligi (Jinoyat kodeksi 208-modda), mansab soxtakorligi (Jinoyat kodeksi 209-modda) va hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi (Jinoyat kodeksi 301-modda) jinoyatlarida “g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa” belgisi bilan og‘irlashtiruvchi qism sifatida to‘ldirildi.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi “Korrupsiyaga oid jinoyatlar” deb nomlangan atama bilan to‘ldirildi. Mazkur atamaga muvofiq, korrupsiyaga oid jinoyatlarga Jinoyat Kodeksi 167-moddasi uchinchi qismining «d» bandida, 168-moddasi to‘rtinchi qismining «g» bandida, 1929, 19210-moddalarida, 19211-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida, 205-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida, 206-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida, 208-moddasining ikkinchi qismida, 209-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida, 210, 211, 212, 213, 214, 2141, 2142-moddalarida va 301-moddasi ikkinchi qismining «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar va Jinoyat kodeksning 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat, agar mazkur jinoyat korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish natijasida olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa korrupsiyaviy jinoyat ekanligi belgilandi.
Bu o‘zgartirish fundamental doktrinal ahamiyatga ega. Ushbu kodifikatsiyadan oldin “korrupsiyaga oid jinoyat” tushunchasi faqat “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan edi, lekin Jinoyat kodeksida aniq ro‘yxat belgilanmagan edi. Bu esa sud amaliyotida turlicha talqinlarga olib kelardi. Endi qonun mustaqil korrupsiya jinoyatlarini aniq belgilaydi, bu esa jinoyatni kvalifikatsiya qilishda birxillikni ta’minlaydi, sudlanganlik muddatini hisoblashda aniqlik kiritadi, elektron reestr mexanizmining aniq huquqiy asosini yaratadi va xalqaro hamkorlik (ekstraditsiya, huquqiy yordam) sohasida foydalanish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, yangi norma korrupsiyaga oid jinoyatlar to‘g‘risida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish uchun xavfsizlik choralarini qo‘llash asoslarini qonuniy tartibga solishni alohida qonun darajasiga ko‘taradi. Bu o‘zgartirish korrupsiyaga oid jinoyatlar to‘g‘risida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish tizimini jinoyat-protsessual huquq doirasida mustahkamlashning zarur qadamidir. Xabar beruvchilarni himoya qilish Transparency International va BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi tomonidan standart talab sifatida belgilangan.
Ma’lumki, davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy holatlar narxni sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish orqali amalga oshirilishi kuzatilishi mumkin. Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish kiritilib, davlat xaridlarida korrupsiyaviy buzilishlarni oldini olish maqsadida alohida javobgarlik belgilanmoqda. Mazkur norma narx tafovuti mezonini ma’muriy javobgarlik uchun aniq asos sifatida belgilaydi va bu davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlashning samarali vositasiga aylanadi.
2017 yil 3 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida“gi Qonunga bir qator muhim o‘zgartishlar kiritilgan bo‘lib, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashi tarkibi va faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yangi qoidalar belgilangan, davlat organlari va tashkilotlar huzurida komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarini tashkil etish, korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tartibi, korrupsiyada aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reestri, o‘zi mehnat faoliyatini olib borayotgan davlat organida korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida asosli xabar bergan shaxsga nisbatan xavfsizlik kafolatlari va rag‘batlantirish choralari kabi masalalar hal qilingan.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonun O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi qonunchiligi tarixidagi eng keng ko‘lamli majmuaviy islohot hisoblanadi. Uning asosiy ijobiy tomonlari o‘zaro ziddiyatli normalar xavfini kamaytiradi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniq kodifikatsiya qilish orqali yagona sud amaliyoti yuritilishini ta’minlaydi, davlat organlarida komplaens tuzilmalarini joriy etish ichki nazoratning mustaqil mexanizmini yaratadi va korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish tizimini mustahkamlaydi.
Sherzod Abduqodirov,
O‘zbekiston Respublikasi
Odil sudlov akademiyasi rektori,
Yuridik fanlar doktori.
Boshqa yangiliklar
-
Akademiya xodimalari nufuzli xalqaro treningda ishtirok etdi
-
В Академии правосудия состоялся международный круглый стол, посвящённый развитию института медиации
-
НАЧАЛИСЬ ПЛАТНЫЕ КУРСЫ ПОВЫШЕНИЯ КВАЛИФИКАЦИИ ДЛЯ ЮРИДИЧЕСКИХ КАДРОВ МИНИСТЕРСТВА СТРОИТЕЛЬСТВА И ЖИЛИЩНО-КОММУНАЛЬНОГО ХОЗЯЙСТВА РЕСПУБЛИКИ УЗБЕКИСТАН
-
СОСТОЯЛАСЬ ВСТРЕЧА С ПРЕДСТАВИТЕЛЯМИ МЕЖДУНАРОДНОЙ КОМИССИИ ЮРИСТОВ (ICJ)
-
MAGISTRATURAGA QABUL BOSHLANMOQDA