Новости законодательства
“Odil sudlov - 2030”: sud tizimida yangi bosqich
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan xalqchil va adolatli sud tizimini shakllantirishga qaratilgan “Odil sudlov - 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiya 6 ta ustuvor yo‘nalishga tayanadi: “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro e’tirof”.📌 Strategiyada nimalar o‘zgaradi?🔹 Odil sudlovdan foydalanish imkoniyati kengayadi.2027-yil 1-iyuldan ayrim sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hududlararo sudlar tashkil etiladi.🔹 Sudlar fuqarolarga yanada yaqinlashadi.2027–2030-yillarda aholi soni, sudlarning ish yuklamasi va olis hududlarda yashovchi fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqib, fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.🔹 Tergov ustidan sud nazorati kuchaytiriladi.2027-yil 1-iyuldan tergov sudyalariga shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, shuningdek, unga nisbatan gumon yoki ayblov qo‘yish uchun asoslar yetarliligini tekshirish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar beriladi.🔹 Sud amaliyotida bir xil yondashuv ta’minlanadi.Oliy sud Prezidiumining yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi qarorlarini ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.🔹 “Raqamli odil sudlov” yanada rivojlantiriladi.2027-yil yakuniga qadar my.sud.uz portali takomillashtirilib, yangi mobil ilova ishga tushiriladi. Protsessual hujjatlarni tayyorlash soddalashtiriladi, sud hujjatlarini izlash imkoniyatlari kengaytiriladi.🔹 Sud ma’murchiligida yangi yondashuv joriy etiladi.2028-yildan iqtisodiy ishlarni “proaktiv boshqarish” standarti tatbiq etiladi. Bu ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish, iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish hamda sud ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
✔️Zamonaviy sud tizimining mezoni - faqat qabul qilingan qarorlar soni emas. Uning asosiy mezoni - inson sudga murojaat qilganda adolat qaror topishiga ishonch hosil qilishi.✍️ Magistratura fakulteti dekani, yuridik fanlari doktori, professor L. Achilova
Подробнее
KONTRAFAKT MAHSULOT: SOXTADAN OGOH BO‘LING!
Kundalik hayotimizda kiyim-kechak, maishiy texnika, oziq-ovqat va dori-darmon xarid qilayotganda brend mahsulotlarning juda arzon variantlariga duch kelamiz. Ammo bunday mahsulotlar kontrafakt, ya’ni boshqa ishlab chiqaruvchining tovar belgisi, logotipi yoki brendini noqonuniy ravishda ko‘chirib, asliday ko‘rsatib sotiladigan soxta tovar bo‘lishi mumkin.⚠️ Kontrafakt mahsulotlar:▪️ sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi;▪️ qalbaki texnika yong‘in yoki elektr toki urishiga sabab bo‘lishi;▪️ halol tadbirkorlik va raqobat muhitiga zarar yetkazishi mumkin.🔎 Soxta mahsulotni qanday aniqlash mumkin?Mahsulotning narxi, o‘rovi va logotipiga e’tibor bering. Bozor narxidan keskin darajada arzon taklif shubha uyg‘otishi kerak.❗️ Imlo xatolari, sifatsiz bosma, brend nomidagi o‘zgarishlar ham qalbaki mahsulot belgisi bo‘lishi mumkin.📱 Mahsulotdagi QR-kodni “Asli Belgisi” mobil ilovasi orqali skanerlab, uning haqiqiyligini tekshiring.Shuningdek, o‘tkir kimyoviy hid, sifatsiz material va bo‘yoqning ko‘chishi ham qalbakilikdan darak berishi mumkin.🛡 Xaridor sifatida o‘zingizni qanday himoya qilasiz?✅ Har qanday xaridda fiskal chekni talab qiling va saqlang.✅ Mahsulotning muvofiqlik sertifikati hamda kafolat talonini so‘rang.✅ Norasmiy Telegram va Instagram sahifalaridan xarid qilishda ehtiyotkor bo‘ling.❌ Shubhali mahsulotni xarid qilmang va tarqatmang.📢 Agar kontrafakt mahsulot sotib olgan bo‘lsangiz yoki sotuvda qalbaki tovarni aniqlasangiz, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk departamenti, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi va “Soliq hamkor” tizimi, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilishingiz mumkin.⚖️ Esda tuting: kontrafaktdan himoyalanish - nafaqat o‘z huquqlaringizni, balki sog‘lig‘ingiz va halol biznesni himoya qilishdir!✍️ Ma’muriy-huquqiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi y.f.f.d, dotsent v.b. O.Toshev
Подробнее
IQTISODIY VA MA’MURIY SUDLARGA MUROJAAT QILISHDA YANGI QULAYLIKLAR
2026 yil 14 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1165-son Qonun bilan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.🔹 Iqtisodiy sudlarning nomlanishi birxillashtirilmoqdaIqtisodiy protsessual kodeks hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonundagi “tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari” degan atama “tumanlararo iqtisodiy sudlar” degan yagona atama bilan almashtirildi.Bu sudlar tizimida yagona terminologiyani shakllantirishga xizmat qiladi.🔹 Tadbirkorlarga ekterritorial sudlov imkoniyati kengaytirilmoqdaIqtisodiy protsessual kodeksning tegishli moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, taraflarga qonunda belgilangan sudlovga tegishlilik qoidalarini o‘zaro kelishuv asosida o‘zgartirish, shu jumladan ekterritorial sudlovga tegishlilikni tanlash imkoniyati aniq belgilandi.Shuningdek, sudlovga tegishlilik to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lganda, da’vo arizasi yoki arizani tegishli sudga taqdim etish tartibi takomillashtirildi.🔹 Sudlovga tegishlilikni aniqlashda avtomatlashtirilgan tizimdan foydalaniladiIshni ko‘radigan sudni avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali aniqlash va tanlash tartibi nazarda tutildi.Bu sudga murojaat qilish jarayonining shaffofligi va qulayligini oshirishga xizmat qiladi.🔹 To‘lovga qobiliyatsizlik ishlarida talablarni ko‘rib chiqish tartibi aniqlashtirildiAgar javobgarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa va unga nisbatan bildirilgan talab qonunga muvofiq aynan shu ish doirasida ko‘rilishi lozim bo‘lsa, bunday talablarni ko‘rib chiqishning maxsus protsessual tartibi belgilandi.Bu bir talabning alohida iqtisodiy ish sifatida ko‘rilishining oldini olishga xizmat qiladi.🔹 Iqtisodiy sudlarga murojaat qilish yanada qulaylashmoqdaQonun bilan sudlovga tegishlilikni aniqlashtirish, ekterritorial sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha talablarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan normalar belgilandi.⚖️ Asosiy maqsad — tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy sud orqali o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirish, sudga murojaat qilishni soddalashtirish va iqtisodiy sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirish.✍️Iqtisodiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri v.b., y.f.f.d., professor v.b. R.Berdiyarov
Подробнее
FUQAROLIK QONUNCHILIGIDA MUHIM YANGILIK
Fuqarolik kodeksining 3-moddasiga muhim qo‘shimcha kiritildi.2026-yil 13-iyuldagi O‘RQ–1158-son Qonun bilan Fuqarolik kodeksining 3-moddasi yangi norma bilan to‘ldirildi. Ushbu o‘zgartirish 2026-yil 25-iyuldan kuchga kirdi.🔹 Nima o‘zgardi?Endilikda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda fuqarolik-huquqiy munosabatlar Fuqarolik kodeksida belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.👉 Agar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan bo‘lsa, bunday hududdagi fuqarolik-huquqiy munosabatlar Fuqarolik kodeksidagi umumiy qoidalardan farq qiluvchi tartibda tartibga solinishi mumkin.⚖️ Bu nima uchun muhim?Mazkur o‘zgartirish fuqarolik qonunchiligining amal qilish doirasi, umumiy va maxsus huquqiy rejimlar o‘rtasidagi munosabatni aniqlashtirishga xizmat qiladi.Ayniqsa, maxsus huquqiy rejim joriy etilgan hududlarda mulkiy va shartnomaviy munosabatlarni tartibga solishda ushbu norma muhim ahamiyat kasb etadi.📌 Qisqacha:Umumiy qoida - Fuqarolik kodeksi ustuvor.Istisno - Konstitutsiyaviy Qonun bilan maxsus huquqiy rejim belgilangan holatlar.🔎 Yangi norma fuqarolik huquqi sohasida faoliyat yurituvchi yuristlar, sudyalar, advokatlar va tadqiqotchilar uchun alohida ahamiyatga ega.✍🏻Fuqarolik-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri v.v.b., y.f.f.d (PhD), professor v.b. E. Sabirov
Подробнее
Avtomobil yo‘llari sohasidagi munosabatlar tartibga solindi
“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi O‘RQ-1162-son Qonun 2026-yil 5-avgustda qabul qilindi.✔️Qonunning asosiy maqsadi O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, ulardan foydalanish va yo‘l faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.✔️Qonunga ko‘ra, avtomobil yo‘llari umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shahar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda xo‘jalik avtomobil yo‘llariga tasniflanadi. Foydalanish rejimiga ko‘ra yo‘llar bepul yoki pulli bo‘lishi mumkin. ✔️Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari davlat mulki hisoblanadi va cheklanmagan doiradagi shaxslarning transport vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan.✔️Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida ajratilgan hududning minimal kengligi yo‘l toifasiga qarab 25 metrdan 80 metrgacha belgilanadi. Shuningdek, yo‘l bo‘yi hududida transport harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida yerdan foydalanishning alohida shartlari belgilanadi.✔️Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi avtomobil yo‘llari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan. ✍️ Ma’muriy-huquqiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi y.f.f.d, dotsent v.b. O.Toshev
Подробнее
2026-yil 1-martdan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha bo‘lgan quyidagi fuqarolik-huquqiy nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi joriy etiladi
1-notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
2- yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti bo‘lgan ko‘char mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab; 3-ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlar, kommunal va aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida talablar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentyabrdagi “Notariat institutini yana-da rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroridan.
Подробнее
Prezidentimizning yangi Farmoni mamlakatimizda moliyaviy sektorni yangi bosqichga olib chiqadigan hujjat
Farmonga muvofiq:
— Toshkent xalqaro moliya markazi (THMM) tashkil etiladi;
— Markaz tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi.
Markaz hududida quyidagi faoliyat turlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi:
➢ moliyaviy, investitsiya va bank faoliyati;
➢ sug‘urta, raqamli (kripto) aktivlar bilan bog‘liq faoliyat;
➢ qimmatli qog‘ozlar bozori;
➢ to‘lov tizimlari va xizmatlari;
➢ islomiy va yashil moliya;
➢ moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish va tranzaksiyalarni amalga oshirish;
➢ auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar ko‘rsatish.
Markaz hududida konstitutsiyaviy qonun bilan o‘rnatiladigan maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.
Ushbu konstitutsiyaviy qonun asosida alohida tartib amal qiladi.
Markaz boshqaruv organlari mustaqil ravishda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Markaz hududida Angliya va Uelsning umumiy huquqi hamda adolat (equity) tamoyillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi birinchi instansiya va apellyatsiya instansiyalaridan iborat bo‘ladi.
Bu esa investorlar uchun shaffof, ishonchli va xalqaro standartlarga mos sud tizimini taʼminlaydi.
Markazning boshqaruv organlari fuqarolik, korporativ, tijorat, moliya, bank, soliq, davlat xaridlari, mehnat huquqi hamda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish sohalarini tartibga soladi.
Mazkur farmon natijasida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi oshadi hamda xalqaro moliya institutlari uchun qulay muhit yaratiladi.
Farmon
Fuqarolik-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi E. Sabirov
Подробнее
Ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi PF-33-son Farmoni bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazo yanada ogʻirlashtiriladi.
Ayniqsa, bunday ogʻir qilmishni avval ham sodir etgan shaxslar tomonidan 14 yoshga toʻlmagan bolaga nisbatan takroran jinoyat sodir etilsa, umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanishi mumkin.
Shu bilan birga, 16 yoshga toʻlmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar uchun javobgarlik ham qatʼiylashtirilmoqda. Agar bunday qilmish bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilsa, jazo yanada ogʻir boʻladi.
Eng muhimi, qonunchilikka zamon talab qilayotgan yangi jinoyat tarkiblarini kiritish masalasi ham koʻtarilmoqda. Jumladan:
⏺femitsid (xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan oʻldirish);
⏺familitsid (oila aʼzolarini qasddan oʻldirish);
⏺stalking (shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy taʼqib qilish);
⏺kiberzoʻravonlik (Internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zoʻravonlik);
⏺onlayn gruming (voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda Internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish);
⏺shuningdek, voyaga yetmaganlardan jinsiy maqsadlarda foydalanish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
2026-yil 1-apreldan boshlab himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zoʻravonlik holatlari toʻgʻrisida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan oʻrnatilishi belgilanmoqda.
Tartibi belgilanayotgan islohotlardan kutilayotgan natijalar: ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi rolini mustahkamlash hamda jamiyatning boshqa aʼzolari bilan teng huquqli individ sifatida munosabatga kirishish imkonini yaratishidir.
Подробнее
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-martdagi O‘RQ–1121-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish:— fuqarolarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish:— BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq bilan jazolanishi belgilandi.
Amaldagi tahrirda fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan taqdirda:
BHMning 30 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima, yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari, yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Amaldagi tahrirda jarimaning eng kam miqdori BHMning 25 baravari etib belgilangan.
Подробнее