KONSTITUTSIYADAGI YANGI NORMALAR VA ULARNING TAHLILI
Konstitutsiya – davlatning Bosh qomusidir. Xalqimiz taqdirida mazkur Qomusimizning ahamiyati, ta’siri va nufuzi tobora ortib borayotgani barchamizga ayon. Xalqimizning siyosiy irodasi hisoblanmish Konstitutsiyamiz adolatli jamiyat barpo etish, fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda inson qadri kabi asosiy tamoyillarni o‘zida aks ettirgan va ushbu tamoyillarni amalda tadbiq etishda dasturil amal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkul tamoyillar hayotimizda bevosita o‘z ifodasini topib borayotganligi sababli fuqarolarimizning siyosiy dunyoqarashi va huquqiy bilimlari tobora ortib bormoqda.
Yangi tahrirdagi qomusimiz zamon talablariga muvofiq takomillashtirilishi kerakligi alohida ta’kidiangan. 2022-yil 20-may kuni Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya tarkibi tasdiqlangan edi. Shu yilning 20-iyun sanasida esa yurtboshimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbiriarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Ushbu uchrashuvda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan quyidagi taklif ilgari surildi: “Albatta, xalqimizdan Komissiyaga kelib tushgan barcha muhim va dolzarb takliflarni bugun Sizlar bilan batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Men ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdim, xolos. Komissiya taklifi asosida Parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etaman”.
Yurtboshimiz tomonidan: “Bu Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir degan tamoyilga to‘la mos keladi. Shunda har bir vatandoshimiz Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam deb yuksak g‘urur bilan ayta oladi”, deya ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 2022-yil 24-iyunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Mazkur loyihaga ko‘ra, Asosiy Qonunimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutildi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan l6 ta yangi norma taklif etildi. Yuqoridagi holatlardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi xalqimizning yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda. Referendum ko‘p millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat’iy qaror qilganligining ishonchli ifodasi bo‘ldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 2023-yilning 1-may sanasidan kuchga kirganligi e’lon qilindi. Yangilangan Konstitutsiya VI bo‘lim, XXVII bob va 155 moddani o‘z ichiga qamrab oladi.
Bosh Qonrusimizda bo‘lgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, undagi moddalar 128 tadan 155 taga o‘zgardi, normalar soni esa 275 tadan 474 taga oshgan. Asosiy qonunning 65 foiz matni yangilandi. Yangi tahrirdagi konstitutsiyamizda o‘zgarishlar asosan quyidagi yo‘nalishlarda aks etgan: inson huquq va erkinliklari sohasi; tadbirkorlik va xususiy mulk sohasi; axborot sohasi; ijtimoiy soha; tibbiyot va ekologiya sohalari; ilm-fan, ta’lim tarbiya va yoshlar sohasi; sud-huquq sohalari. Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadida xalqimizdan ko‘plab takliflar kelib tushdi. Kelib tushgan takliflar soni 222,715 tani tashkil etgan bo‘lib, ularning 25 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan. Takliflar statistik tahlil etilganda 60 foizi yoshlar tomonidan bildirilganligi ma’lum bo‘ldi. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan holda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlarga oid alohida bob va moddalar kiritilib, XIV bob “Oila, bolalar va yoshlar” deya nomlandi. Bu esa mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan davlat siyosati darajasidagi e’tiborning yanada ortib borayotganligidan dalolatdir.
O‘zim tahsil olayotgan sohamdan kelib chiqib yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, yangilangan konstitutsiyamizda surishtiruv, tergov va sud jarayonida inson huquqlarini himoya qilishga oid quyidagi 9 ta eng muhim normalar kiritildi va Qomusimizda quyidagi shakllarda mustahkamlab qo‘yildi:
- l) shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart;
2) shaxs o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin;
3) aybdorlikka oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak;
4) agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki javobgarlikka tortilishi mumkin emas;
5) shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas;
6) shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas;
7) hibsga olish, qamoqqa olish va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi;
8) yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta. elektron va boshqa xabarlar sir saqlanishini cheklashga hamda uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘viladi:
9) har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.
Yangilangan Konstitutsiyamizga kiritilgan inson huquq va erkinliklari, sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, inson huquq va erkinliklari sohasida ko‘plab normalar kiritildi. Jumladan, yangi tahrirdagi konstitutsiyaning
25-moddasiga ko‘ra O‘zbekistonda o‘lim jazosi ta’qiqlanadi. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqi hisoblanadi. Mamlakatimizda 2008-yildan barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosi bekor qilingan, lekin konstitutsiyada emas balki qonunlarda o‘z askini topgan edi.
O‘lim jazosi ta’qiqlanishining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi insonni hayotdan xatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi. Ushbu norma bilan davlatimiz bu jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini butun dunyoga namoyon qiladi. Misol sifatida bugungi kunda 106 ta davlatda o‘lim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan. Ayrim davlatlar o‘z tajribalarida o‘lim jazosini qonunlari bilan bekor qilsa-da, konstitutsiyada bo‘lmaganligi bois uni jazo sifatida qayta tiklash holatlari ham kuzatilgan. Shuningdek, sudlar ham xatolarga yo‘l qo‘yish xavfini inkor etib bo‘lmaydi. Shunday ekan o‘lim jazosi tayinlangan shaxsga sud kelgusida oqlov hukmi chiqaradigan bo‘lsa, nohaq ayblangan inson hayotini ortga qaytarishning hech qanday iloji yo‘q. Shu nuqtayi nazardan Qomusimizga kiritilayotgan O‘zbekistonning qat’iy pozitsiyasi mamlakatimizda inson hayoti, uning qadri yuqori darajada himoya qilinishini yana bir bor tasdiqlaydi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotimizda mazkur jazo turini qaytarish va qo‘llash bo‘yicha har qanday tashabbuslarni qat’iy ravishda cheklaydi. Pirovardida har bir inson xatto u jinoyat sodir etgan bo‘lsa ham uning yashash huquqi kafolatlanishiga xizmat qiladi.
Bosh qomusimizda ta’kidlangan demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlatda fuqarolik jamiyatini barpo etishda Konstitutsiyaning ahamiyati beqiyosdir. Uning ahamiyati haqidagi barcha fikrlarimizni umumlashtirgan holda quyidagi xulosaga kelishimiz mumkin:
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi mustaqil davlatchilik asoslari va yangi O‘zbekistonni barpo etishda mamlakatimizning butun huquqiy tizimida va barcha sohalarda keng qamrovli islohotlarni yanada jadal suratlarda va muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yangi qomusimiz orqali fuqarolarimiz ongida vuz berayotgan o‘zgarishlar yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida qudratli kuch sifatida xizmat qiladi. Ko‘p bora ta’kidlanganidek, mazkur konstitutsiya xalqimiz erk-irodasining huquqiy mahsulidir. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan holda, tom ma’noda o‘z ijod mahsulimiz hisoblangan Konstitutsiyamizni hurmat qilish, uning talablariga amal qilish har birimizning burchimizdir. Unga amal qilish esa mamlakatimiz ravnaqiga hissa qo‘shish va adolatli jamiyat barpo etishga xizmat qiladi.
Hamid AKMALOV
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi kotib-ish yurituvchisi,
Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti.